Sayt yangilanmoqda
O'zbekcha Русский Ўзбекча English

Davlat ramzlari

  

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT GERBI

Davlat gerbi O‘zbekiston Respublikasining 1992-yil 2-iyuldagi 616-XII-sonli «O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi to‘g‘risida»gi Qonuni bilan tasdiqlangan.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi quyidagi ko‘rinishga ega: tog‘lar, daryolar va so‘l tomoni bug‘doy boshoqlaridan, o‘ng tomoni esa chanoqlari ochilgan g‘o‘za shoxlaridan iborat chambarga o‘ralgan gullagan vodiy uzra quyosh zarrin nurlarini sochib turadi. Gerbning yuqori qismida Respublika hurligining ramzi sifatida sakkizburchak tasvirlangan bo‘lib, uning ichki qismida yarim oy va yulduz tasvirlangan. Gerbning markazida baxt va erksevarlik ramzi — qanotlarini yozgan Humo qushi tasvirlangan. Gerbning pastki qismida O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ini ifoda etuvchi chambar lentasining bantida “O‘ZBEKISTON” deb yozib qo‘yilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbining rangli ko‘rinishida: Humo qushi va daryolar — kumush rangida; Quyosh, boshoqlar, paxta chanoqlari va “O‘ZBEKISTON” yozuvi — oltin rangida; g‘o‘za shoxlari va barglari, tog‘lar va vodiy — yashil rangda; chanoqlardagi paxta — oq rangda; lenta — O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ining ranglarini aks ettiruvchi uch xil rangda; sakkizburchak — oltin zarhal bilan hoshiyalangan holda havo rangda; yarim oy va yulduzlar — oq rangida tasvirlangan.

 

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING DAVLAT BAYROG‘I

Davlat bayrog‘i O‘zbekiston Respublikasining 1991-yil 18-noyabrdagi 407-XII-sonli «O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida»gi Qonuni bilan tasdiqlangan.

O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i O‘zbekiston Respublikasi davlat suverenitetining ramzidir.

O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i xalqaro munosabatlarda O‘zbekiston Respublikasining timsoli bo‘ladi.

O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i — bayroqning butun uzunligi bo‘ylab o‘tgan to‘q moviy rang, oq rang va to‘q yashil rangli uchta endan tarkib topgan to‘g‘ri to‘rtburchak shaklidagi matodir.

 

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING DAVLAT MADHIYASI

O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasining matni va musiqasi O‘zbekiston Respublikasining 1992 yil 10 dekabrdagi 768-XII-sonli «O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi to‘g‘risida»gi Qonuni bilan tasdiqlangan.

O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi O‘zbekiston Respublikasi Davlat suverenitetining ramzidir.

O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasiga zo‘r ehtirom bilan qarash O‘zbekiston Respublikasi har bir fuqarosining vatanparvarlik burchidir.

 

Mutal Burhonov musiqasi
Abdulla Oripov so‘zi
 

Serquyosh hur o‘lkam, elga baxt, najot,
Sen o‘zing do‘stlarga yo‘ldosh, mehribon!
Yashnagay to abad ilmu fan, ijod,
Shuhrating porlasin toki bor jahon!

Naqorat:

Oltin bu vodiylar - jon O‘zbekiston,
Ajdodlar mardona ruhi senga yor!
Ulug‘ xalq qudrati jo‘sh urgan zamon,
Olamni mahliyo aylagan diyor!

Bag‘ri keng o‘zbekning o‘chmas iymoni,
Erkin, yosh avlodlar senga zo‘r qanot!
Istiqlol mashʼali tinchlik posboni,
Xaqsevar, ona yurt, mangu bo‘l obod!

Naqorat:

Oltin bu vodiylar - jon O‘zbekiston,
Ajdodlar mardona ruhi senga yor!
Ulug‘ xalq qudrati jo‘sh urgan zamon,
Olamni mahliyo aylagan diyor!

 

Geografik joylashuvi

O‘zbekiston Markaziy Osiyoda joylashgan bo‘lib, mintaqadagi boshqa davlatlar orasida juda qulay tabiiy-geografik sharoitlarga ega. Mamlakat hududi o‘ziga xos past-tekislik va tog‘ relyefini o‘z ichiga oladi. 

O‘zbekiston hududining katta qismini (4/5 qismi atrofida) pasttekisliklar tashkil etadi. Shulardan eng muhimi Turon past-tekisligidir. Mamlakat sharqi va shimoliy sharqida Tyan-Shan va Pomir tog‘ (mamlakatning eng yuqori nuqtasi 4643m) tizmalari joylashgan. O‘zbekiston hududi markazida dunyoning bepoyon cho‘llaridan biri — Qizilqum yastanib yotadi.

Respublika hududining 1/5 qismini tog‘ va tog‘ oldi hududlar tashkil etadi. Sharqiy hududi o‘rta va baland tog‘li relyefdan iborat. Mamlakat hududi G‘arbiy Tyan-Shan (Ugom, Pskem, Chotqol va Qurama tog‘ tizmasi) va Pomir-Oloy (Zarafshon, Turkiston, Hisor, Qo‘hitangtog‘ va Boysuntog‘ tog‘ tizmasi) tog‘ tizmalari yonbag‘rini o‘z ichiga oladi. Janubdan g‘arbga tomon ular qiyalab boradi va past-tekislikka qo‘shilib ketadi. Ushbu tog‘lar orasida ulkan Qashqadaryo, Surxondaryo, Zarafshon va Samarqand vohalari yastanib yotadi. Bularning eng kattasi hisoblangan Farg‘ona vodiysi -uzunligi 370 km, kengligi 190 km ga yetadi. U uch tomondan baland tog‘ bilan o‘ralgan va faqat g‘arb tomoni tekislikdir. Afg‘oniston bilan chegara hududda Amudaryo deltasi yoyilib yotadi.

 

Hudud

O‘zbekiston Respublikasi Amudaryo va Sirdaryo oralig‘ida joylashgan bo‘lib, umumiy maydoni 448,9 ming km kv ni tashkil etadi. Respublika hududi sharqdan g‘arbgacha 1 425 km ni, shimoldan janubgacha esa 930 km ni tashkil etadi.

Respublika shimolda va shimoliy-sharqda Qozog‘iston, sharqda va janubiy-sharqda Qirg‘iziston va Tojikiston, g‘arbda Turkmaniston, janubda esa Afg‘oniston bilan chegaradoshdir. Davlat chegarasining Afg‘oniston bilan uzunligi — 143 km, Qozog‘iston — 2356.31 km, Qirg‘iziston — 1476.12 km, Tojikiston — 1283.2 km va Turkmaniston bilan — 1831.49 km.

 

Aholi

O‘zbekiston Respublikasining doimiy aholisi soni 2021 yil 1 yanvar holatiga 34 558,9 ming kishini tashkil etgan.

 

Миллий байрамлар 

14 yanvar - Vatan himoyachilari kuni
Mustaqil O‘zbekistonda ushbu bayram o‘z qurolli kuchlarini tashkil etishga bag‘ishlangan. 1992 yil 14 yanvarda mamlakat parlamenti mamlakat hududidagi harbiy o‘quv yurtlari va boshqa harbiy shakllarining barcha qismlari va birlashmalarini O‘zbekiston Respublikasi yurisdiksiya qaramog‘iga o‘tishi to‘g‘risida qarori qabul qilindi. 1993 yilda 29 dekabrda 14 yanvar - Vatan himoyachilari kuni deb eʼlon qilindi.


8 mart - Xalqaro xotin-qizlar kuni
O‘zbekistonda ushbu bayram sevgi, mehribonlik va go‘zallik bayrami sifatida nishonlanadi, shuningdek, "onalar kuni" sifatida ham taniqlidir. 8 mart O‘zbekistonda dam olish kuni deb belgilangan.


21 Mart - Navro‘z
Navro‘z qadimiy milliy bayrami (fors tilidan tarjima qilinganda "yangi kun" maʼnosini anglatadi) 21 mart kuni nishonlanadi. Ushbu kun kecha bilan kunduzning tenglashgan paytidir. Ushbu bayramning kirib kelishi bilan ko‘pgina o‘zbek oilalar sumalak, halim, ko‘k somsa, osh kabi turli milliy taomlarni tayyorlaydilar. Mazkur taomlar odamzod organizmiga foydali bo‘lgan ko‘p vitaminlarga boydir. Mamlakatimiz mustaqillikka erishgandan so‘ng O‘zbek xalqining qadimiy urf-odatlari va anaʼnalari kuchga kirdi, jumladan Navro‘z bayramini nishonlash o‘ziga xos tusga ega bo‘ldi. Bu bayram barcha xalqlarning do‘stlik va birlik ramziga ega bo‘lgan umumxalq bayramdir. Bugungi kunda Navro‘z bayrami Alisher Navoiy maydonida tantanali ravishda nishonlanadi.

 


9 may - Xotira va qadrlash kuni
1999 yili 9 may kuni O‘zbekiston poytaxtida Xotira maydoni ochildi va shu kundan buyon 9 may Xotira va qadrlash kuni deb nishonlanmoqda. Ushbu bayram keng maʼnoga ega bo‘lib, u mustaqil O‘zbekistonda asrlar davomida qahramona, o‘lkamizni himoya qilgan, uning erkinligi, mustaqilligi va xalqining tinchligi uchun kurashgan vatandoshlar xotirasiga bag‘ishlanish bilan bir qatorda u umumxalq hotirasi va insonni qadrlash kuni hamdir. Xotira va qadrlash kuni chinakam milliy-umumxalq bayramidir, bu kunlari kishilar uzoq-yaqinda yashovchi yaqinlarini holidan xabar oladilar, katta yoshlilarni ziyorat qiladilar va ularga alohida izzat ko‘rsatiladi.


1 sentabr - Mustaqillik kuni
O‘zbekiston Respublikasining asosiy milliy bayrami - Mustaqillik kunidir. Ushbu bayram 1 sentabr kuni marosimli va rang-barang shaklda nishonlanadi. Milliy bayram do‘stlik, xayriya va har tomonlama hurmatga tayangan o‘zbek xalqining barcha orzularini namoyon etadigan bayramdir.

O‘zbekistonda istiqomat qilayotgan turli millatlar vakillari millati, dini va irqidan qatʼiy nazar O‘zbekistonning barcha hududlarida faol nishonlaydilar.


1 oktabr - Ustoz va murabbiylar kuni
Har yili O‘zbekistonda Ustoz va murabbiylar kuni keng nishonlamoqda. Qadim zamonlardan ustozga bo‘lgan chuqur hurmat va eʼtibor saqlanib qolgan. “Domla”, “Muallim”, “Ustoz” kabi so‘zlar o‘z ustozlardan nafaqat bilimlarni va aholiga bo‘lgan hurmat munosabati va Vatanga bo‘lgan mehriga ega bo‘lgan o‘quvchilar asrlar davomida minnatdorchilik va izzat bilan murojaat etganlar.

Maktab va o‘quv muassasalarning o‘quvchilari hayotning ilk bilimlarini bergan ustozlarga chuqur izzatdadirlar. Ushbu kunda o‘qituvchilarni minnatdorchilik bilan, gullar va sovg‘alar bilan hayot yo‘lida mashaqqatli mehnati uchun chin yurakdan tabriklashadi.


8 dekabr - Konstitutsiya kuni
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi Parlament tomonidan 1992 yil 8 dekabrda qabul qilingan. Ushbu bayram butun O‘zbekiston bo‘ylab keng nishonlanadi.


Ramazon Hayiti
Ushbu bayram Ro‘za hayiti sifatida tanilgan va musulmon (Hijriy) kalendarining 9-oyiga to‘g‘ri keladi. Bayram 30 kundan iborat bo‘lib, ruhiy hamda maʼnaviy tozalanish anʼanasi hisoblanadi. Uning shartlari quyidagicha: kun chiqishdan to kun botganga qadar ovqat va suv isteʼmol qilmaslik; yomon o‘ylardan saqlanish; atrofdagilarga hurmatda bo‘lish va ularga imkoniyat darajasida yaxshilik qilishdan iboratdir.

Ushbu shartlarni bajargandan so‘ng uch kundan iborat bo‘lgan Ramazon Hayiti boshlanadi. "Ramazon Hayiti"ning birinchi kuni dam olish kuni hisoblanadi.


Qurbon Hayiti

Musulmonlar tomonidan nishonlanadigan dunyodagi eng katta diniy bayramlardan biridir. Bu bayramning negizi, o‘z o‘g‘lini Olloh yo‘lida qurbon qilishga tayyor bo‘lgan Payg‘ambar Ibrohim (a.s.) bilan bog‘liq bo‘lgan tarixiy voqeaga taqaladi, shunda uning harakati Olloh tomonidan to‘xtatilib o‘rniga hayvon (qo‘y, tuya va boshqa jonliq) qurbon qilish buyuriladi. Bayram uch kun davom etadi va musulmonlar bu kunlarni oila va qarindoshlar davrasida o‘tkazadilar. Bayram kunlari kishilar uzoq-yaqinda yashovchi yaqinlarini holidan xabar oladilar, muhtojlarga yordam beradilar. "Qurbon Hayiti"ning birinchi kuni dam olish kuni hisoblanadi.