O‘zbekiston Respublikasining elektron tijoratni rivojlantirish strategiyasiga annotatsiya
Mazkur Strategiya Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilib, “Markaziy Osiyo savdoga tayyor” loyihasi doirasida ishlab chiqilgan.
Loyiha transchegaraviy talablarning shaffofligini oshirish, tartibga solish va protsessual to‘siqlarni bartaraf etish, savdo rasmiyatchiliklari va standartlariga rioya qilishda biznes salohiyatini mustahkamlash hamda transchegaraviy elektron tijoratni takomillashtirish orqali Markaziy Osiyoning beshta mamlakatida mintaqaviy va xalqaro savdoni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
UNCTAD/JST xalqaro savdo markazi tomonidan elektron tijorat sohasidagi xalqaro ekspertlar bilan birgalikda strategiyani ishlab chiqish loyihasining ishga tushirilishi 2021 yil yanvar oyida amalga oshirildi.
2021-yil iyul oyida Elektron tijoratni strategik rivojlantirish bo‘yicha ishchi guruh tarkibi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tomonidan shakllantirilib, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun taqdim etilgan edi.
2021-yilning iyul-noyabr oylarida hamkorlikda strategiya loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha ishchi guruhning yig‘ilishlari doimiy asosda o‘tkazildi.
2022-yilda elektron tijorat milliy ekotizimini tashkil etuvchi xususiy va davlat sektorlarining keng doiradagi manfaatdor tomonlarining qarashlari va istiqbollari muhokama qilinganidan so‘ng “Yo‘l xaritasi” loyihasi ishchi guruh bilan kelishildi va Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun taqdim etildi.
Mazkur strategiya Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasi yig‘ilishining 2022-yil 27-dekabrdagi 106-son bayonnomasi bilan tasdiqlangan.
Tadbirkorlikni yana-da rivojlantirish uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash va xalqaro standartlarga javob beradigan raqamli bozor infratuzilmasini tashkil etish maqsadida mazkur Strategiyada quyidagi amaliy chora-tadbirlar ko‘zda tutilgan:
- elektron tijorat ishtirokchilari manfaatlarini himoya qilish va aholining elektron tijoratga ishonchini oshirish maqsadida elektron tijorat ishtirokchilari o‘rtasidagi, shu jumladan eksport operatsiyalari bo‘yicha nizolarni hal qilish uchun Maxsus arbitrajni joriy etish bo‘yicha normativ-huquqiy bazani shakllantirish bo‘yicha takliflar tayyorlash;
- O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik korpusidagi savdo vakillari orqali elektron tijorat orqali tovarlar eksportini rivojlantirish;
- mahalliy mahsulotlarni tashqi bozorlarda keng targ‘ib qilish maqsadida virtual ko‘rgazma maydonchasini yaratish;
- elektron tijorat tizimlari orqali tovarlarni eksport qilish uchun yetkazib berish tizimini soddalashtirish;
- elektron tijorat tizimlari orqali tovarlarni eksport qilish uchun yetkazib berish tizimini soddalashtirish;
- mahalliy kuryerlik kompaniyalari xizmatlari qamrovini kengaytirish va logistika sohasida bozor tendensiyalarini qo‘llash maqsadida logistika va kuryerlik yechimlari sohasida tajriba almashish;
- respublikaga olib kiriladigan tovarlar va mahsulotlar uchun bojxona to‘lovlarini avtomatlashtirish;
- texnologiyalar va mahsulotlarni tashqi bozorga olib chiqishga qaratilgan moliyaviy va innovatsion yechimlarni taqdim etish uchun “tartibga solish qumdoni” vositasini yaratish.