“Davlat muassasalari uchun gender tenglik nishoni” dasturi Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida birinchi bo‘lib O‘zbekistonda amalga oshirilmoqda
Kuni kecha Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi BMT TD, Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda “Davlat muassasalari uchun gender tenglik nishoni” dasturi bo‘yicha ishchi guruh uchrashuvi o‘tkazildi.
Mazkur dastur mamlakatimizda xotin-qizlar hamda erkaklar huquq va imkoniyatlarini yanada kengaytirish, davlat muassasalari o‘rtasida gender tenglik targ‘ibotini amalga oshirishdan iborat. Ushbu dastur Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida birinchi bo‘lib O‘zbekistonda amalga oshirilmoqda.
Tadbirda so‘zga chiqqan Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi Malika Qodirxonava mamlakatimizda gender tenglikka alohida e’tibor berilayotgani, xususan, davlat boshqaruvi organlarida ayollarning ulushi yildan-yilga ortib borayotganini ta’kidladi.
Xususan, mamlakatimiz gender tenglik masalasida 2014-yilgi saylovlarda 193 mamlakat orasidan 128-o‘rinda edi. 2019-yilgi saylovga kelib 37-o‘ringa ko‘tarildi. Bugungi kunda parlamentimizda ayollar ulushi 33 foizni tashkil etmoqda, ya’ni Oliy Majlisning Qonunchilik palatasi 150 deputatidan 48 nafari, Senatning 100 nafar senatoridan 24 nafari ayollardir.
Yurtimizda 2030-yilgacha bo‘lgan davrda gender tenglikka erishish strategiyasi qabul qilingan. Unda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng imkoniyatlar yaratishga katta e’tibor berilgan. Mazkur Strategiya bugungi kunda ham hayotga izchillik bilan tatbiq etilmoqda.
Shuningdek, tadbirda vazirlik tizimida maxsus platforma tashkil etilishi, bu orqali xodimlar gender tenglik masalalariga doir o‘zini qiziqtirgan savol va takliflarini bildirib borishlari mumkinligi aytildi.
Uchrashuvda “Gender tenglik nishoni dasturi” doirasida vazirlik tizimida amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi.