Gender tenglikni ta’minlash va munosib mehnat sharoitlarini yaratish bo‘yicha O‘zbekiston tajribasi xalqaro standarlar asosida takomillashtiriladi
Gender tenglikni ta’minlash va munosib mehnat sharoitlarini yaratish bo‘yicha O‘zbekiston tajribasi xalqaro standarlar asosida takomillashtiriladi
Joriy yilning 23-may kuni Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi, Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi tomonidan Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikda Toshkent shahrida “O‘zbekistonda gender tenglik va munosib mehnat yo‘llari” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazildi.
Anjumanda Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva, Xalqaro mehnat tashkilotining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy byurosi direktori Olga Kulayeva, xalqaro tashkilotlar hamda xorijiy davlatlarning 100 dan ortiq soha mutaxassisalri, ekspertlari, O‘zbekistondagi diplomatik vakolatxonalar rahbarlari, mutasaddi vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda Senat Raisi gender siyosati jamiyat va davlat taraqqiyotining tayanch omiliga aylangani, “Gender va taraqqiyot”, “gender muvozanati”, “xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi o‘rni” kabi tushunchalar davlatimiz dasturiy hujjatlari va har qanday huquqiy hujjatni ishlab chiqishda o‘z ifodasini topgayotganini ta’kidlab o‘tdi.
– Qonun hujjatlarining majburiy gender-huquqiy ekspertizasini joriy etish va gender auditi institutini tashkil etish gender tengligini ta’minlash yo‘lidagi muhim qadamdir. Bundan tashqari gender diskriminatsiyasining oldini olish, gender stereotiplariga qarshi kurashish va munosib mehnat sharoitlarini yaratish bu boradagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Biroq erishilgan muvaffaqiyatlar bilan bir qatorda xotin-qizlarning mehnat, ijtimoiy va boshqa huquqlarini ta’minlash, ularning iqtisodiy faolligini kengaytirish va kasbiy mahoratini oshirish borasida hali ko‘p ishlar qilishimiz kerak – deya, qayd etdi Senat Raisi.
Anjuman ishtirokchilari tomonidan qayd etilganidek, 2030-yilga qadar O‘zbekistonda gender tenglikka erishish strategiyasining qabul qilinishi bu boradagi ishlarni tizimli, muayyan maqsadga yo‘naltirilgan holda amalga oshirishga imkon yaratmoqda.
Xususan, gender tenglikni ta’minlash sohasida xalqaro standartlar asosida milliy qonunchilikni takomillashtirishga alohida e’tibor qaratildi. So‘ngi yillarda sohaga oid 40 dan ortiq qonunchilik hujjatlari va muhim konseptual hujjatlar qabul qilindi.
Mazkur hujjatlar doirasida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar yaratilishi, ayollarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi o‘rnining mustahkamlanishi, ularning ta’lim olishlari, kasb-hunar o‘rganishlari uchun zarur sharoit yaratilganligi, bandligini ta’minlash, munosib mehnat sharoitlarini yaratish hamda ayollarning iqtisodiy hayotdagi faolligini oshirish, turli tazyiq va zo‘ravonliklardan himoya qilish borasida muhim choralar ko‘rilayotganligi ishtirokchilar tomonidan alohida qayd etildi.
Bugungi kunda sog‘liqni saqlash va ta’lim sohasida band bo‘lgan aholi o‘rtasida xotin-qizlar ulushi 77 foizni, iqtisoddiyot va sanoat sohasida 46 foizni tashkil etmoqda, 2 ming nafarga yaqin xotin-qizlar davlat va jamoat tashkilotlarida rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritmoqda.
Xotin-qizlarning ta’lim olishlari uchun imkoniyatlarning kengaytirilishi natijasida oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olayotgan xotin-qizlar soni 6 barobarga ko‘paydi, xususan, bakalavr yo‘nalishida o‘qiyotgan xotin-qizlar ulushi 38 foizdan 49 foizga, magistratura bosqichida o‘qiyotganlar esa 37 foizdan 50 foizga ortganligi qayd etildi.
Shuningdek, xalqaro ekspertlar tomonidan mamlakatimizda mehnat munosabatlari tizimi tubdan isloh qilinganligi hamda majburiy mehnatga barham berilgani, munosib mehnat prinsiplari doirasida aholining bandligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratilayotganligi yuqori baholandi.
Bu borada Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikda qabul qilingan O‘zbekistonda munosib mehnat bo‘yicha 2021-2025-yillarga mo‘ljallangan dastur, mehnat sohasidagi hamda ishlab chiqarish va texnik yo‘nalishlardagi xalqaro standartlarni mamlakat iqtisodiyotiga keng tadbiq etish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar muhim o‘rin tutmoqda.
Tadbirda Xalqaro mehnat tashkilotining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha byurosi direktori O.Kulayeva, qator xalqaro tashkilotlarning mutaxassislari hamda xorijiy mamlakatlarning O‘zbekistondagi diplomatik vakolatxonalari vakillari ma’ruza bilan ishtirok etishdi.
Tadbir yakunlari bo‘yicha xalqaro konferensiya ishtirokchilarining gender tenglikni ta’minlash, munosib mehnat prinsiplarini keng tadbiq etish bo‘yicha tavsiyalari ishlab chiqildi.
Unda, gender tenglikni ta’minlash, xotin-qizlarning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy faolligini oshirish, ijtimoiy himoyasini kuchaytirish hamda tazyiqlardan himoyalash, xotin-qizlarning ta’lim olishlari tibbiy xizmatlardan teng foydalanishi, ular uchun xavfsiz va munosib mehant sharoitlarini yaratish, mehnat uchun munosib haq to‘lash va norasmiy bandlikni qisqartirish hamda ushbu yo‘nalishdagi xalqaro standartlarni tadbiq etish ishlarini tizimli davom ettirish bo‘yicha aniq vaziflar belgilab olindi.