Coca-Cola kompaniyasi - alkogolsiz ichimlik ishlab chiqaruvchi dunyodagi yirik kompaniya hisoblanadi. Kompaniya iste’molchilarga qariyb 3 600 turdagi gazli va gazsiz ichimliklarni taklif etadi. Dunyodagi eng qimmat brend sanalgan Coca-Cola brendi bilan birga, qiymati bir milliard AQSH dollariga teng 20 ta turli brendlar ham kompaniya portfelidan o‘rin olgan. Ular Diet Coke, Fanta, Sprite, Coca-Cola Zero, Vitaminwater, Powerade, Minute Maid, Georgia Coffee singari ichimliklar brendlaridir.
Coca-Cola kompaniyasi dunyo miqyosida ichimlik suvi, gazli va gazsiz ichimliklar, sharbatlar, totli ichimliklar, shuningdek, tayyor choy va qahvalarni yetkazib beruvchi 1-raqamli kompaniya hisoblanadi.
Kompaniyaning jahondagi eng katta tarqatish tizimiga egaligi tufayli 200 dan ortiq mamlakatlar iste’molchilari Coca-Cola ichimliklarini xarid qilishmoqda. Har kuni dunyo miqyosida kompaniyaning 1,9 miliard porsiya ichimligi sotiladi.
Coca-Cola kompaniyasi faoliyat yuritadigan mintaqalarda ekologik barqarorlikni ta’minlash maqsadida kompaniya atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslarni saqlash, ushbu mintaqalarni iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslarni ilgari suradi.
Coca-Cola ichimligi Uzbekiston MCHJ va LTD alkogolsiz salqin ichimliklar ishlab chiqaruvchi qo‘shma korxonasi O‘zbekiston bozorida 1993 yildan buyon faoliyat yuritib kelmoqda. Korxonaning rasmiy ochilishi 1994 yil mart oyida bo‘lib o‘tgan. Toshkent shahri Beshyog‘och dahasida joylashgan ilk ishlab chiqarish korxonasi ham shu kuni ish boshladi. Kompaniyaning O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan dastlabki alkogolsiz ichimliklari 0,25 litr hajmdagi shisha idishlarda sotilgan.
Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston MCHJ va LTD QK buyurtmachilarga o‘z mahsulotlarini o‘zining yuk mashinalarida yetkazib beradigan O‘zbekistondagi ilk kompaniya hisoblanadi. Keyinchalik kompaniya o‘z e’tiborini ikkita muhim maqsadga qaratdi: korxonaning ishlab chiqarish quvvatini oshirish hamda mahsulot bozori va marketingni rivojlantirish. Kompaniya dastlab mahsulotining asosiy qismini Toshkent shahar bozorlarida sotishni yo‘lga qo‘ydi. Mahsulotning O‘zbekiston bo‘yicha kenhg tarqalishi maqsadida, 1996 yil may oyida Toshkent shahri Qibray tumanida kompaniyaning yana bir quyib beradigan sexi ishga tushirildi. Bu yerda uchta ishlab chiqarish liniyasida 1,5 litrli plastik idishlarda Coca-Cola, Fanta, Sprite va BonAqua ishlab chiqarildi. Qadoqlashning bunday turi kompaniyaga o‘z mahsulotlarini eng chekka hududlarga ham yetkazib berish imkonini berdi.
1997 yil fevralda butun Farg‘ona vodiysini ichimliklar bilan ta’minlash maqsadida Namangan shahrida yana bir zavod ishga tushirildi.
Bir necha oydan so‘ng, respublikamizning g‘arbiy hududini dunyoga mashhur kompaniyaning yuqori sifatli mahsuloti bilan ta’minlash maqsadida Urganch shahrida to‘rtinchi zavod ochildi.
Kompaniyaning uzoq muddatli rivojlanish strategiyasi doirasida 1998 yil avgustd Beshyog‘och va Qibraydagi yuqorida sanab o‘tilgan zavodlar o‘rniga Toshkent shahar Bektemir tumanida zamonaviy Megazavodning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. O‘sha paytda mazkur Megazavod Coca-Cola kompaniyasining Markaziy Osiyodagi eng yirik zavodi hisoblanardi.
1993 yilda o‘z faoliyatini bir necha ish kuchi bilan boshlagan kompaniya bugungi kunda respublikamiz oziq-ovqat sanoatining eng yirik korxonalaridan biriga aylandi. Korxona jamoasi bir yarim ming xodimlarni tashkil etadi. Kompaniya mamlakatimizdagi o‘z faoliyati davomida o‘z filiallari, distribyuter markazlari tarmog‘ini kengaytirdi va ishlab chiqarilayotgan ichimliklarning butun respublika bo‘ylab foydalanilishini ta’minladi. Iste’molchilar Coca-Cola kompaniyasi mahsulotlarini hamyonbopligi bilan bir qatorda jahonga mashhur sifati uchun ham tanlaydi. Kompaniya mahsulotlari jahon sifat standartlariga javob beradi.