Sayt yangilanmoqda
O'zbekcha Русский Ўзбекча English

O‘zbekiston Respublikasida davlat-xususiy sheriklik asosida fotoelektr stansiyasini qurilishiga fransuz kompaniyasi Total Eren 150 mln yevrogacha investisiya kiritmoqda.

2019-yilning 13 sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi nomidan vazir Sardor Umurzakov va fransuz kompaniyasi Total Eren tomonidan ijrochi vise-prezidenti Fabyen Demol o‘rtasida Samarqand viloyatida 100 MVtli fotoelektr stansiyasini qurish bo‘yicha investisiya kelishuvi imzolandi. Bu O‘zbekistonda alternativ energiya sohasidagi bunday miqyosdagi birinchi tijoriy loyihadir.

Total Eren loyihani amalga oshirish jarayoning, ya’ni elektr stansiyasini loyihalashtirish, moliyalashtirish, qurish va ekspluatatsiya qilish kabi barcha bosqichlarini amalga oshiradi. Qurilish ishlarining boshlanishi 2020 yilning birinchi choragida va 2021 yilning birinchi choragida esa stansiya foydalanishga topshirilishi kutilmoqda.

Imzolash marosimi chog‘ida Fabyen Demol xonim ushbu loyiha kompaniyaning faoliyati yo‘nalishlarida ustuvor ahamiyatga ega ekanligini ta’kidlab, buni “kompaniyaning O‘zbekistondagi qayta tiklanadigan energetika sohasidagi birinchi qadami” deb atadi.

O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Total Eren o‘rtasidagi Hamkorlik Memorandumi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil oktabr oyida Fransiya Respublikasiga rasmiy tashrifi chog‘ida imzolandi.

Total Eren - qayta tiklanadigan energiya sohasida dunyodagi yetakchilardan biri bo‘lgan fransuz kompaniyasidir. Kompaniyaning amalga oshirilayotgan investisiya loyihalari portfelida qayta tiklanadigan energiya manbalaridan elektr energiyasini ishlab chiqarish uchun o‘rnatilgan 2400 MVt dan ortiq quvvat, shuningdek dunyoning turli burchaklarida 2000 MVt dan ortiq quvvatni ishga tushirish bo‘yicha loyihalar kiradi.