Sayt yangilanmoqda
O'zbekcha Русский Ўзбекча English

O‘zbekiston-Finlyandiya hukumatlararo komissiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 22-fevral kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov hamda Finlyandiya hamkorlikni rivojlantirish va tashqi savdo vaziri Ville Skinnari raisligida Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnik hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston-Finlyandiya hukumatlararo komissiyasi (HK)ning 5-yig‘ilishi boʻlib oʻtdi.

Unda sarmoyaviy, sanoat, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi va kelishib olindi.

Delegatsiyalar rahbarlari o‘z chiqishlarida ustuvor tarmoqlarda ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish uchun katta salohiyat mavjudligi, ilg‘or Finlyandiya tajribasi va texnologik ishlanmalarni jalb etish muhimligi, shuningdek, ikki davlat o‘zaro hamkorlik sohalarida hamkorlikni tizimli ravishda kengaytirishni davom ettirishga tayyorligini ta’kidladilar.

Tomonlar boshqa imkoniyatlar bilan qatorda «Finnvera» «Public Sector Investment Facility» Eksport-kredit agentligi (30 million dollargacha uzoq muddatli imtiyozli kreditlar ajratadi, shundan 30 foizi grantlar sifatida) va Finlyandiyaning «Finfund» sanoat kooperatsiyasi jamg’armasining (xususiy kompaniyalarga loyihaviy va investitsiyaviy moliyalashtirishni taqdim etadi) moliyalashtirish vositalari orqali institutsional hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldilar.

HK yigʻilishi doirasida delegatsiyalar rahbarlarining tor doiradagi uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Muloqot chogʻida Oʻzbekiston va Finlyandiya tadbirkorlari oʻrtasida ikki mamlakatning raqobatdosh ustunliklaridan kelib chiqqan holda sarmoyaviy hamkorlik va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish boʻyicha kelgusidagi qoʻshma harakatlarga alohida eʼtibor qaratildi. Shu nuqtai nazardan, tog‘-kon sanoati, muqobil energetika, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati, ta’lim va raqamli transformatsiya eng istiqbolli yo‘nalishlar sifatida tilga olindi.

Uchrashuv yakunida tomonlar muhokama qilingan yo‘nalishlar doirasida hamkorlikni chuqurlashtirishga o‘zaro sodiqligini bildirib, Finlyandiyaning innovatsion nou-xau va ilmiy ishlanmalarining O‘zbekiston infratuzilmasi va inson salohiyati bilan uyg‘unligi ikki mamlakat oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikning barqaror rivojlanishiga hissa qo‘shishini ta’kidladilar.