Abu Dhabi Sewerage Services Company Toshkentda yangi suv tozalash inshootini quradi
Joriy yilning 2-noyabr kuni Hyatt Tashkent Regency mehmonxonasida "O‘zsuvta’minot" AJ va BAAning Abu Dhabi Sewerage Services Company (ADSSC) kompaniyasi o'rtasida Toshkent viloyatida yangi suv tozalash va oqova suv inshootini qurish loyihasini ishlab chiqishni boshlash to‘g‘risidagi Bitimni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Marosimda ta’kidlanganidek, loyihaning amalga oshirilishi mavjud suv tozalash inshootlariga yuklamani kamaytirish, shuningdek, suvni tozalash jarayonlari samaradorligini va ichimlik suvi sifatini sezilarli darajada oshirish imkonini beradi. Bitimga muvofiq, ADSSC yangi ob'ektni moliyalashtirish, qurish va foydalanish shartlari bo'yicha keyingi kelishuv uchun loyihaning konfiguratsiyasi va uning asosiy parametrlarini aniqlash uchun tadqiqot o'tkazadi.
Tadbir doirasida O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari Laziz Kudratov va ADSSC Bosh direktori Ahmad al-Shamsiy o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston bilan BAA o‘rtasida energetika, qishloq xo‘jaligi, infratuzilma sohalarida sarmoyaviy hamkorlikning muvaffaqiyatli tajribasi qayd etilib, o‘zaro savdo va investitsiyalar yo‘nalishlaridagi munosabatlarni yanada kengaytirishga tayyorlik bildirildi.
BAA tomoni O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini, respublikaning investitsiyaviy jozibadorligi ortib borayotganini yuqori baholadi va O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan yirik loyihalarga uzoq muddatli sarmoya kiritishdan manfaatdor ekanligini bildirdi.
Ma'lumot uchun: ADSSC 2005-yilda tashkil etilgan bo'lib, suv tozalash inshootlarini qurish va boshqarishga ixtisoslashgan ADQ davlat xolding investitsiya kompaniyasi tarkibiga kiradi.