ACWA Power kompaniyasi O‘zbekistondagi faoliyatini kengaytirishni rejalashtirmoqda
Joriy yilning 10-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida vazir Laziz Kudratov ACWA Power kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayan bilan muzokaralar o‘tkazdi. Tomonlar kompaniyaning mamlakatimizdagi joriy loyihalari portfelini amalga oshirishning dolzarb masalalarini hamda energetika va kimyo sanoatida investitsiyaviy hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollarini muhokama qildilar.
Uchrashuvda ACWA Power kompaniyasining respublika energetika tarmog‘ini rivojlantirishga qo‘shgan salmoqli hissasi qayd etildi. Bugungi kunda kompaniyaning mamlakatimizdagi investitsiya portfeli umumiy qiymati 6,8 milliard dollardan ortiq va umumiy quvvati 5,5 GVt dan ortiq bo‘lgan 8 ta loyihadan iborat. Kompaniya muvaffaqiyati O‘zbekistonni qulay investitsyaviy yo‘nalish va Markaziy Osiyo mintaqasida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish bo‘yicha yetakchi markaz sifatida ilgari surishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Sirdaryo viloyatida quvvati 1,5 GVt bo‘lgan bug‘-gaz elektr stansiyasini, Buxoro viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasida umumiy quvvati 2,6 GVtga teng shamol elektr stansiyalarini hamda Samarqand va Toshkent viloyatlarida 1,4 GVt quvvatga ega quyosh stansiyalarini qurish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishning dolzarb masalalari yuzasidan konstruktiv fikr almashildi. Loyihalarni jadal ishga tushirishni ta’minlash bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar kompleksini qabul qilishga kelishildi.
Alohida tartibda bir qator yangi tashabbuslar ko‘rib chiqildi. Shu tariqa, tomonlar zarur jarayonlar yakunlangani va yiliga 3 ming tonna quvvatga ega “yashil” vodorod ishlab chiqaruvchi zavod qurilishi loyihasi bo‘yicha yangi kelishuvlar tuzilganini olqishladi. Qurilish ishlari joriy yilning kuzida boshlanishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, shamol turbinalari uchun uskunalar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish loyihasini jadallashtirish istiqbollari muhokama qilindi. Ikkala tomonning fikriga ko‘ra, mazkur loyihaning O‘zbekistonda amalga oshirilishi qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish geografiyasi va hajmlarini sezilarli darajada kengaytiradi va mazkur texnologiyalarning ichki bozorda ommabopligini oshiradi.
Muzokaralar yakunlari bo‘yicha tomonlar muhokama qilingan loyiha va tashabbuslarni o‘z vaqtida va muvaffaqiyatli amalga oshirish doirasida maqsadli chora-tadbirlar ko‘rishga kelishib oldilar.