Sayt yangilanmoqda
O'zbekcha Русский Ўзбекча English

Andijon viloyatida 6 ta loyiha amalga oshirilib, 4 mingdan ortiq ish o‘rni yaratildi

O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 30 yilligini nishonlash arafasida hamda 2022 yilga mo‘ljallangan Investitsiya dasturini amalga oshirish doirasida Andijon viloyatida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining viloyat boshqarmasi rahbariyati ishtirokida 6 ta yangi ishlab chiqarish korxonasini ishga tushirish marosimlari bo‘lib o‘tdi. Yangi korxonalarda 4 mingdan ortiq ish o‘rni yaratildi.

Xususan, qiymati 116 milliard so‘mlik “Elegans SM” trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish korxonasi ishga tushirilib, 1000 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Uning yillik eksport hajmi 4 million dollarni tashkil etadi.

“Vodiy klaster-tekstil” masʼuliyati cheklangan jamiyatining tayyor kiyim-kechak ishlab chiqarishga ixtisoslashgan 64 milliard so‘mlik ishlab chiqarish korxonasi ham o‘z ishini boshladi. Bu yerda 2 mingta yangi ish o‘rni yaratilib, mahsulot eksportining yillik hajmi 5 million dollarni tashkil etadi.

Elegant shoesMCHJ 4 million dollarlik poyabzal mahsulotlarini eksport qilishni rejalashtirgan. Ishlab chiqarishga 27 milliard so‘mlik sarmoya kiritilib, buning natijasida 500 yangi ish o‘rni yaratildi.

17 milliard so‘mlik trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha “Ko‘hna buloq” MCHJga qarashli korxonada 250 ta yangi ish o‘rni va 3 million dollarlik eksport hajmi rejalashtirilgan, “Saxovat teks” MCHJ o‘simlik yog‘i ishlab chiqarish bo‘yicha 20 milliard so‘mlik loyihani ishga tushirdi. Unda 200 ta yangi ish o‘rni yaratildi. 237 milliard so‘mlik mineral suv ishlab chiqarish bo‘yicha “Vater Life Mineral” MCHJda 200 ta yangi ish o‘rni yaratildi va yillik eksport hajmi 1,5 million dollarni tashkil etishi kutilmoqda.

Amalga oshirilgan loyihalar viloyat eksport hajmini yiliga 18 million dollarga oshiradi. Korxonalarni yana-da kengaytirish rejalariga muvofiq yaratiladigan yangi ish o‘rinlari soni 6 mingtaga yetkaziladi.