Sayt yangilanmoqda
O'zbekcha Русский Ўзбекча English

Bir qator turk kompaniyalari bilan hamkorlik qilish masalalari muhokama qilindi

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida Turkiyaning O‘zbekiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan “Betlis Textile” va “Quadro Marmara Group” kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.

Ma’lumot uchun: 2006-yilda tashkil etilgan “Best Group” kompaniyasi tarkibiga kiruvchi “Betlis Textile” korxonasi Toshkent viloyatida to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish sohasida faoliyat yuritadi. “Best Group” tarkibiga 4000 ga yaqin xodimga ega 9 ta kompaniya kiradi. Kompaniyaning yillik eksport qiymati 30-35 million dollarni tashkil qiladi.

“Quadro Marmara Group” kompaniyasi Toshkent viloyatida intensiv bog‘dorchilik va meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirmoqda. Hozirga qadar korxona tomonidan 12 million dollarlik sarmoya kiritilib, 669 ming tup mevali daraxt ekildi.

Uchrashuvlar chog‘ida turkiyalik investorlar O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, davlatimiz tomonidan tadbirkorlarning savol va muammolariga qaratilayotgan e’tibor, mamlakatimizda yaratilgan qulay sarmoyaviy muhitga yuksak baho berdi.

Uchrashuvlar yakunlari boʻyicha investorlar oʻz faoliyati davomida duch keladigan muammolarni hal etish hamda turk investorlari va oʻzbekistonlik sheriklar oʻrtasida uzoq muddatli oʻzaro manfaatli hamkorlik uchun shart-sharoit yaratish boʻyicha tegishli choralar koʻrishga tayyorligi bildirildi.