Sayt yangilanmoqda
O'zbekcha Русский Ўзбекча English

Bu yil YeTTBning Yillik yig‘ilishi Samarqandda bo‘lib o‘tadi

31-yanvar kuni Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi binosida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida YeTTB Boshqaruvchilar kengashining 32-Yillik yig‘ilishini joriy yilning 16-18 may kunlari Samarqand shahrida o‘tkazish to‘g‘risida O‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

Tadbirda O‘zbekiston tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligi Bosh direktori Shuhrat Vafayev, Bank tomonidan esa O‘zbekistonda rasmiy tashrif bilan bo‘lib turgan YeTTB Bosh kotibi Kazuxiko Koguchi ishtirok etdi.

Imzolangan hujjat Bankka aʼzo 73 ta davlatdan 1500 dan ortiq mehmon ishtirok etadigan YeTTBning Yillik yigʻilishi va biznes-forumga tayyorgarlik koʻrish, tadbirlarni oʻtkazish va yoritish boʻyicha har bir tomonning aniq tashkiliy vazifalarini belgilaydi. Bunday yuqori darajadagi tadbirning o‘tkazilishi O‘zbekistonning jahon investitsiyaviy hamjamiyatidagi obro‘sini oshirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi, shuningdek, ishbilarmon doiralar vakillariga mamlakatimizning iqtisodiy, sarmoyaviy, sanoat va ishlab chiqarish salohiyati, boy madaniyati bilan batafsil tanishish imkonini berishi kutilmoqda.

Tadbirning asosiy mavzusi iqtisodiyot barqarorligiga sarmoya kiritish bo‘ladi. Yig‘ilish davomida Bankka a’zo mamlakatlar duch kelayotgan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqishga qaratilgan panel muhokamalari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Biznes-forumda makroiqtisodiy vaziyat, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishda xususiy sektor va davlatning roli, hududlararo munosabatlar, iqtisodiy integratsiya, oziq-ovqat xavfsizligi, raqamlashtirish va boshqa ko‘plab masalalar yuzasidan ekspertlar ishtirokida muhokama qilinadi.

Ma’lumot uchun: Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki 1991-yil 28-martda tashkil etilgan. Bosh qarorgohi Londonda joylashgan. O‘zbekiston 1992-yil 30-apreldan buyon Bankning a’zosi hisoblanadi. Bankning Toshkent shahrida vakolatxonasi 1993-yil may oyida, Andijon shahrida – 2019-yil oktabrda, Urganch shahrida – 2021-yil iyun oyida ochilgan.

YeTTB yig‘ilishini Samarqandda o‘tkazish uchun ariza O‘zbekiston tomonidan 2019-yilda taqdim etilgan. O‘sha yilning o‘zida YeTTB delegatsiyasi Yillik yig‘ilishni mamlakatimizda o‘tkazish imkoniyatini ijobiy baholadi.