Buyuk Britaniya O‘zbekistonni JSTga a’zo bo‘lish jarayonida qo‘llab-quvvatlaydi
Joriy yilning 9-fevral kuni Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lish jarayoni doirasida Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Tim Torlot hamda Britaniya Biznes va savdo departamenti mutaxassislari bilan ikki tomonlama muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralarda O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha Muzokaralar guruhi a’zolari, shuningdek, Adliya vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Bojxona qo‘mitasi va Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi vakillari ishtirok etdi.
Suhbat chog‘ida Britaniya tomoniga O‘zbekiston tomonidan Tashkilotga a’zo bo‘lish bo‘yicha, xususan, O‘zbekiston Respublikasining JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha Ishchi guruhining navbatdagi, 6-yig‘ilishiga tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi. Bundan tashqari, O‘zbekiston tomonidan taqdim etilgan barcha hujjatlar bo‘yicha Buyuk Britaniya mutaxassislarini qiziqtirgan savollarga javoblar berildi.
Shu bilan birga, Buyuk Britaniyaning O‘zbekistonning Tashkilotga a’zo bo‘lish jarayoniga texnik ko‘mak ko‘rsatish loyihasi doirasida hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Muzokaralar yakunlari bo‘yicha kelgusida hamkorlikni davom ettirish va ikki tomonlama muzokaralar jarayonini jadallashtirish bo‘yicha aniq qo‘shma chora-tadbirlarni ko‘rishga tayyorlik bildirildi.