Caspian Energy Club aʼzolari Oʻzbekiston bilan hamkorlik qilmoqchilar
Joriy yilning 24-noyabr kuni Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida Caspian Energy Club raisi Telman Aliyev boshchiligidagi club aʼzolaridan iborat tadbirkorlar delegatsiyasi bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Ma’lumot uchun: Caspian Energy Club – Kaspiy - Qora dengiz va Boltiqbo‘yi mintaqalarida faoliyat yurituvchi dunyoning 50 ta davlatidan 5000 dan ortiq kompaniya va tashkilotlarni birlashtirgan, Ozarbayjon, Gruziya va Qozog'istonda rasmiy vakolatxonalariga ega bo‘lgan yirik mintaqaviy tashkilot.
Axborot-kommunikatsiya sohalari, farmatsevtika va to‘qimachilik sanoatida investitsiya loyihalarini birgalikda amalga oshirishni nazarda tutgan holda ikki tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yish istiqbollari muhokama qilindi. Ozarbayjon tomoniga mamlakatimizda xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar to‘g‘risida taqdimot o‘tkazilib, ularning faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyorlik ta’kidlandi. Caspian Energy Club va O‘zbekiston Xorijiy investitsiyalarni rag‘batlantirish agentligi o‘rtasida muntazam konferensiyalar o‘tkazish, shuningdek, Ozarbayjonning IT-kompaniyalari va toʻqimachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari vakillaridan iborat delegatsiyaning qoʻshma loyihalarni ishlab chiqish uchun tashrifini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Axborot hamkorligini yo‘lga qo‘yish masalalari ham muhokama qilindi. Jumladan, dunyoning 19 davlatida nashr etilib, 50-70 ming nusxada chop etilayotgan Caspian Energy jurnalida O‘zbekistonda yaratilgan investitsiyaviy imkoniyatlarni keng yoritish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha ikki tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirishdan o‘zaro manfaatdorlik bildirildi va mintaqa ishbilarmon doiralarining O‘zbekistonda tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishga qiziqishi ortib borayotgani munosabati bilan Toshkent shahrida Caspian Energy vakolatxonasini ochish bo‘yicha kelishuvga erishildi.