Sayt yangilanmoqda
O'zbekcha Русский Ўзбекча English

Markaziy Osiyo va Xitoy savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirmoqda

Joriy yilning 18-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov videokonferensiya tarzida “Markaziy Osiyo – Xitoy” tashqi iqtisodiy va tashqi savdo faoliyatiga mas’ul vazirlarning birinchi yig‘ilishida ishtirok etdi.

Suhbat chog‘ida Markaziy Osiyo mintaqasi mamlakatlari bilan XXR o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikning bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari, jumladan, savdo tartib-taomillarini erkinlashtirish va soddalashtirish, investitsiyalarni jalb qilish, ko‘p tomonlama savdo tizimini kengaytirish, mahsulotlarni o‘zaro yetkazib berish hajmini oshirish, raqamli iqtisodiyotni joriy etish, transport infratuzilmasini rivojlantirish, hududlararo hamkorlikni mustahkamlash to‘g‘risida fikr almashildi.

Laziz Kudratov o‘z nutqida “Markaziy Osiyo – Xitoy” mintaqasining ulkan tranzit salohiyatidan samarali foydalanish muhimligini, shuningdek, yuk tashishning uzluksizligini ta’minlash va transchegaraviy logistika tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha tizimli yechimlarni ishlab chiqish zarurligini ta’kidladi.

Hududlararo rivojlanishni chuqurlashtirish bo‘yicha ishlarni davom ettirish muhimligi ta’kidlandi. Shu nuqtai nazardan, biznes hamjamiyatlari oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlash va yangi oʻsish nuqtalarini kashf etish maqsadida joriy yilning ikkinchi yarmida Oʻzbekistonda Markaziy Osiyo davlatlari va Xitoy hududlari rahbarlarining forumini o‘tkazish taklif etildi.

Raqamli savdoni kengaytirish doirasida o‘zaro hamkorlikni faollashtirish istiqbollari muhokama qilindi. “Raqamlashtirish davrida iqtisodiyot va savdoni rivojlantirish dasturi”ni ishlab chiqish tashabbusi ilgari surildi. Unda mintaqa mamlakatlari IT-parklari negizida “Intellektual Ipak yoʻli” qoʻshma platformasini yaratish koʻzda tutilgan.

Uchrashuv ishtirokchilari imzolanishi rejalashtirilgan savdo-iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, “Xitoy – Markaziy Osiyo” doirasida raqamli savdo sohasida hamkorlik qilish bo‘yicha memorandumlar muvaffaqiyatli kelishilganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Uchrashuv yakunlari boʻyicha tomonlar Markaziy Osiyo davlatlari va Xitoyning iqtisodiy faoliyati ishtirokchilari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish hamda Markaziy Osiyo davlatlari va XXR oʻrtasida sanoat, investitsiyalar, iqtisodiyot va savdo sohalarida oʻzaro manfaatli munosabatlarni yanada kengaytirishga qaratilgan oʻzaro hamkorlikni davom ettirish niyatlarini bildirdilar.