O‘zbekiston bilan Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi hamkorlik kengaymoqda
Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Saudiya Arabistoni Podshohligi (SAP) investitsiyalar vaziri Xolid al-Falih bilan videokonferensiya tarzida muzokara o‘tkazdi. Tomonlar investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy sohalarda ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildilar.
Energetika, kimyo sanoati, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, tibbiyot, infratuzilmaviy rivojlanish va turizm sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishning bugungi holati va istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Eslatib oʻtamiz, Saudiya taraqqiyot jamgʻarmasi koʻmagida energetika, sog'liqni saqlash, ta'lim, suv, qishloq xo'jaligi va infratuzilmani rivojlantirish sohalarida bir qator dasturlarni amalga oshirish boʻyicha kelishuvga erishilgan edi.
Suhbat chog‘ida mamlakatimizda “yashil” vodorodni rivojlantirish sohasidagi istiqbolli loyihalarga alohida e’tibor qaratildi.
Muzokaralar yakunida investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish va yangi tashabbuslarni ishlab chiqish bo‘yicha hamkorlikni yanada faollashtirishga kelishildi.