Davlat mukofotlarini topshirish marosimi bo'lib o'tmoqda
Bugun, 22 avgust kuni Davlat rahbarining mamlakat tadbirkorlari bilan "Ochiq muloqoti" bo'lib o'tadi. Muloqot Tadbirkorlar kuniga bag'ishlangan bo'lib, Prezident tashabbusi bilan ketma-ket ikkinchi yil o'tkazilmoqda.
"Ochiq muloqot" - bu O'zbekistonning har bir tadbirkoriga o'z faoliyatida duch kelayotgan muammolarni hal qilish va u yoki bu sohani, hamda umuman mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini yanada yaxshilash bo'yicha takliflar kiritish uchun imkoniyatdir. Murojaat va takliflar tinglanadi va markazlashtirilgan kompleks qarorlar qabul qilishda hisobga olinadi.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan boshqa vazirlik va idoralar bilan birgalikda "Ochiq muloqot"ga tayyorgarlik ko'rish doirasida bir qator ishlar olib borildi.
Tadbirkorlarning murojaatlari va takliflarini jamlash uchun Respublika shtabi va Koll-markaz tashkil etildi. Hammasi bo'lib, Shtab faoliyati davomida individual va tizimli xarakterdagi 12 mingdan ortiq murojaat va takliflar kelib tushdi. Har bir murojaat tegishli vazirlik va idoralar vakillari ishtirokida o'rganildi, natijada muammoli masalalarning qariyb 75 foizi hal qilindi. Qolgan masalalar bo'yicha mas'ul rahbarlarga manzili topshiriqlar berildi, ularning o'z vaqtida bajarilishi ustidan nazorat o'rnatildi.
Davlatimiz rahbari topshirig'iga asosan "Ochiq muloqot" arafasida vazirlik rahbariyati tomonidan tadbirkorlar bilan to'g'ridan-to'g'ri uchrashuvlar o'tkazish, ularning muammolarini hal etishga ko'maklashish, sanoat salohiyatini o'rganish va foydalanilmagan resurslar va imkoniyatlarni ishga solish asosida hududlarni rivojlantirish bo'yicha chora-tadbirlar ishlab chiqish maqsadida viloyatlarga bir qator xizmat safarlar tashkil etildi.
Shuningdek, Toshkent shahridagi "Hyatt Regency Tashkent" mehmonxonasida mamlakatda tadbirkorlik muhitini yaxshilash, xorijiy investorlar va ishbilarmonlar uchun sharoit yaratishga bag'ishlangan "Tadbirkorlar bilan muloqot haftaligi" Forumi bo'lib o'tdi. Tadbirkorlarning murojaatlarining tahlili asosida eng dolzarb masalalar aniqlandi va Forumning panel munozaralari alohida mavzularga bag'ishlandi. Tadbir onlayn tarzda o'tkazilib, O'zbekistonning barcha sohalaridagi tadbirkorlarning unda ishtirok etishiga imkon yaratildi.
Ayni paytda poytaxt Kongress markazida mamlakat rahbari ishtirokida Prezidentimizning tadbirkorlar kuni munosabati bilan imzolangan tegishli qaroriga muvofiq mamlakatimiz bir guruh tadbirkorlariga yuqori davlat mukofotlarini topshirish marosimi bo'lib o'tmoqda. Ushbu marosimdan so'ng tadbirkorlar bilan ochiq muloqot boshlanadi.