Singapurning ishbilarmon doiralari va yetakchi universitetlari qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyor
O‘zbekiston hukumat delegatsiyasining ushbu mamlakatga tashrifi doirasida Singapur ishbilarmon doiralari va yetakchi oliy o‘quv yurtlari rahbarlari bilan uchrashuvlar davom etmoqda. Jumladan, joriy yilning 12-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Franklin Templeton kompaniyasi rahbari Manraj Sekxon bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Kun tartibida O‘zbekiston iqtisodiyotiga yirik investorlarni jalb etish imkonini beruvchi o‘rta va uzoq muddatli chora-tadbirlarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Virtus Health Singapore kompaniyasi bosh direktori Timati Kvan davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida Toshkent, Samarqand va Farg‘ona viloyatlarida ayollar reproduktiv salomatligi markazlarini tashkil etish istiqbollarini muhokama qildi.
Shu kuni Nanyang politexnika universiteti bosh direktori Genri Xan bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Tomonlar sog‘liqni saqlash sohasining kadrlar tayyorlash masalasida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha kelishuvlarni muhokama qildilar. 2022-yil dekabr oyi oxirida universitetda sog‘liqni saqlashni boshqarish yo‘nalishi bo‘yicha malaka oshirish kurslarini 23 nafar o‘zbekistonlik mutaxassis tamomladi. 2023-yil 1-martdan boshlab “tibbiyot injiniringi” va “axborot texnologiyalari” kabi yo‘nalishlar bo‘yicha yangi kurslar turkumini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
Li Kuan Yu nomidagi davlat siyosati maktabi direktori o‘rinbosari Naney Yuliati bilan uchrashuvda O‘zbekiston davlat xizmatchilarining tayyorlash va malakasini oshirish sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Muzokaralar aniq investitsiya holatlarini taqdim etish, qo‘shma rejalarni batafsil ko‘rib chiqish imkonini berdi hamda tomonlarning keng ko‘lamdagi hamkorlikni kengaytirishga bo'lgan intilishlarini namoyon etdi.