EBRD O'zbekiston bilan hamkorlikni rivojlantirmoqchi
Joriy yilning 15-noyabr kuni O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining (YeTTB) Markaziy Osiyo bo'yicha boshqaruvchi direktori Jujanna Xargitay va YeTTBning O'zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Alkis Drakinosni qabul qildi.
Uchrashuv davomida Bank vakillari tomonidan O'zbekistondagi ijtimoiy-iqtisodiy o'zgarishlarning samaradorligi yuqori baholandi va energetika, infratuzilmani rivojlantirish, irrigatsiya va boshqa sohalardagi modernizatsiya jarayonlarini moliyaviy va texnik qo'llab-quvvatlashni davom ettirish niyati bildirildi.
YeTTB uy-joy kommunal xo'jaligi, energetika va suv ta'minotini yaxshilashga qaratilgan islohotlarni amalga oshirishda keng ishtirok etatyotgini ham mamnuniyat bilan ta'kidlandi. 2018 yildan hozirgi kunga qadar YeTTB ushbu sohalarni qo'llab-quvvatlash uchun O'zbekistonda 14 ta loyiha bo'yicha bitimlarni imzoladi. Bundan tashqari, Bankning yangi investitsiya portfeli qiymati 724 million dollardan oshadigan 7 loyihadan iborat.
Kelgusi tadbirlarni yuqori tashkiliy darajada va mazmun jihatidan boyitilgan tarzda tayyorlash va o'tkazish doirasida ushbu maqsadda tashkil etilgan ishchi guruhlar o'rtasidagi o'zaro hamkorlikni faollashtirishga kelishildi.
Suhbat davomida Bankning "Andijon, Namangan va Farg'ona viloyatlaridagi 118 ta nasos stansiyalarini modernizatsiya qilish" loyihasini moliyalashtirish, qiymati 200 million dollar bo'lgan O'zbekistonning irrigatsiya sektorining institutsional tuzilishini mustahkamlash bo'yicha islohotlarni amalga oshirishga qiziqishi bildirildi. Ushbu loyihani birgalikda amalga oshirish bo'yicha O'zaro anglashuv memorandumini imzolash to'g'risida kelishuvga erishildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar joriy loyihalarni sifatli amalga oshirish va strategik sheriklikning yangi yo'nalishlarini ishlab chiqish doirasida hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga sodiqligini bildirdilar.