YeTTB O'zbekiston energiya tizimini rivojlantirish uchun 47,1 million dollar ajratdi
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) ning birinchi vitse-prezidenti Yurgen Rigterink boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo'lib o'tdi. Unda "O'zbekiston milliy elektr tarmoqlari" (O'zMET) AJ tizimiga kiruvchi yangi elektr uzatish liniyasini qurish loyihasi bo'yicha kredit va loyiha shartnomasi imzolandi.
Tadbir davomida quyidagilar ta'kidlanganidek, so'nggi yillarda O'zbekiston bir qator xalqaro moliya institutlari bilan investitsiyaviy hamkorlikni sezilarli darajada kengaytirdi. Ular orasida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) yetakchi o'rinlardan birini egallaydi. Bugungi kunga kelib, YeTTB O'zbekistondagi 113 loyihaga 3,6 milliard yevrodan ortiq sarmoya kiritdi.
Bank tomonidan "O'zbekiston milliy elektr tarmoqlari" AJ Xorazm va Buxoro viloyatlaridagi Sarimoy va Jonkeldi aholi yashash punktlari o'rtasida yangi elektr uzatish liniyasini qurish loyihasini moliyalashtirish uchun 47,1 million dollarlik moliyaviy yordam berilayotgani mamlakat milliy elektr tarmoqlarining o'tkazuvchanligini kengaytirish va ishonchliligini oshirishga qaratilgani qayd etildi. Yangi liniya qurilayotgan, umumiy quvvati 1 GVtli ikkita shamol elektr stantsiyasini milliy tarmoq bilan bog'laydi. Loyiha O'tish davri iqtisodiyotiga ega mamlakatlar jamg'armasi va Aksiyadorlarning maxsus jamg'armasi tomonidan qo'llab-quvvatlanmoqda.
Tarmoqning ushbu kengayishi qayta tiklanadigan energiya manbalarini O'zbekiston energetika tizimiga yanada integratsiyalashuviga yordam beradi. Bu, o'z navbatida, mavjud elektr uzatish liniyalaridagi yuklamani muvozanatlashga hamda mamlakatning shimoliy va janubi-g'arbiy qismida elektr ta'minotidagi uzilishlar muammosini hal qilishga yordam beradi. Loyiha elektr ta'minoti tizimining quvvatini yaxshilaydi va tarmoqdagi yo'qotishlarni kamaytiradi. Bu, ayniqsa, O'zbekistonning tobora barqaror energiya ta'minotiga muhtoj rivojlanayotgan sanoati va aholining o'sib borayotgan ehtiyojlari uchun juda muhimdir.
YeTTB birinchi vitse-prezidenti Yurgen Rigterink ta'kidlaganidek, “O'zbekiston nafaqat Markaziy Osiyodagi eng ko'p aholiga ega davlat, balki barqaror infratuzilmaviy yechimlarga muhtoj bo'lgan mintaqadagi eng tez rivojlanayotgan iqtisodiyotdir. Bizning Bankimiz bunday loyihalarni moliyalashtirish orqali ushbu o'sishni qo'llab-quvvatlashga tayyor”.