Misrning Orascom Construction kompaniyasi O‘zbekistonda sanoat parklarini yaratadi
Joriy yilning 13-iyun kuni Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida vazir Laziz Kudratov Misrning “Orascom Construction” kompaniyasining sanoat parklarini tashkil etish va qurilish materiallari ishlab chiqarish bo‘limi rahbari O. Bebars boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.
Ma’lumot uchun: Orascom Construction 1950-yilda tashkil etilgan bo‘lib, Misrning eng yirik qurilish va sarmoyaviy kompaniyalardan biri hisoblanadi. Daromadlari 3,4 milliard dollarni tashkil etadi va xodimlari soni 10 ming kishidan oshadi.
Misr tomoni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning joriy yil fevral oyida Misrga bo‘lib o‘tgan va ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi faol hamkorlikka hamda yangi qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirishga kuchli turtki bergan rasmiy tashrifi yakunlarini yuqori baholadi.
Suhbat chog‘ida Misr delegatsiyasining bir kun avval soha birlashmalari rahbarlari va mahalliy hokimiyat organlari bilan o‘tkazgan qator ishchi uchrashuvlari yakunlari sarhisob qilindi. Navoiy viloyatida tayyor elektrotexnika, to‘qimachilik va farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalarni joylashtirish uchun sanoat zonasini tashkil etish loyihasini amalga oshirish imkoniyatlari o‘rganildi.
Shuningdek, kompaniya Toshkent, Andijon, Qashqadaryo va Namangan viloyatlarida tayyor to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yangi sanoat parklarini boshqarishda ishtirok etish rejalari bilan o‘rtoqlashdi. Shu o‘rinda, kompaniya vakillariga mamlakatimizga o‘z sarmoya, tajriba va innovatsion ishlanmalarini olib kirishda har tomonlama yordam ko‘rsatishga tayyorlik bildirildi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar hamkorlikni yanada chuqurlashtirish niyatlarini bildirib, erishilgan kelishuvlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish maqsadida o‘zaro hamkorlik formatini ishlab chiqdilar.