Fransiyaning Voltalia kompaniyasi O‘zbekistonda qator loyihalarni amalga oshirmoqda
6-dekabr kuni Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov “Voltalia” (Fransiya) kompaniyasi bosh ijrochi direktori Sebastyan Klerk bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida Fransiya tomoni O‘zbekiston Respublikasi energetika sohasini rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan “yashil” iqtisodiyotga o‘tish va 2030-yilgacha respublikada “yashil” o‘sishni ta’minlash Dasturi – O‘zbekiston Respublikasida qayta tiklanuvchi energetika sohasidagi loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish bo‘yicha yaratilgan me’yoriy-huquqiy baza, O‘zbekistonning energetika sohasidagi tarkibiy o‘zgartirishlar, uni modernizatsiya va diversifikatsiya qilish ishlari bilan atroflicha tanishdi. Mamlakatning quyosh energiyasi salohiyati
51 milliard tonna neftga, shamol energiyasi esa 360 million tonna neftga teng.
Amaldagi kelishuvlarni hozirgi holati va muqobil energiya manbalarini rivojlantirishga oid hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha keyingi qadamlar muhokama qilindi. Bugungi kunda kompaniya O‘zbekiston hududlarida quyosh va shamol elektr stansiyalari, shuningdek, ishlab chiqarish quvvatlarini qurish bo‘yicha qator loyihalar ustida ishlamoqda. Ular nafaqat kompaniyani joriy loyihalarni amalga oshirishda, balki mamlakatimizdagi faoliyatini yanada kengaytirish doirasida ham har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Uchrashuv yakuni bo‘yicha tomonlar sheriklikni mustahkamlashga tayyorliklarini tasdiqladilar va mavjud kelishuvlarni jadal amalga oshirish uchun o‘zaro hamkorlik shakllarini belgilab oldilar.
Ma’lumot uchun 2005-yilda tashkil etilgan Voltalia bugungi kunda Fransiyaning yetakchi energetika kompaniyalaridan biri hisoblanadi. Kompaniya shamol, quyosh, gidravlika va biomassa elektr stansiyalarini quradi va ishlab chiqarilgan elektr energiyani dunyoning 20 ta davlatiga sotadi. Kompaniyaning aktivlari 2,5 mlrd dollarni tashkil etadi, xodimlar soni esa 1,4 mingdan oshadi.