FTA bilan Yillik maslahatlashuvlar - konstruktiv hamkorlikni rivojlantirish platformasi
Joriy yilning 31-yanvar kuni Toshkent shahridagi “International Hotel Tashkent” mehmonxonasida O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Fransiya taraqqiyot agentligi (FTA) o‘rtasida FTA koʻmagida amalga oshirilayotgan qoʻshma loyihalarning bajarilishini muhokama qilish va barqaror rivojlanishni ta’minlashga qaratilgan istiqbolli tashabbuslarni belgilab olishga bagʻishlangan IV-Yillik maslahatlashuvlar bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Fransiya taraqqiyot agentligi, Yevropa va tashqi ishlar vazirligi, Moliya vazirligi, Fransiyaning “Expertise France” xalqaro texnik ekspertiza agentligi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi tegishli vazirliklari, idoralari va tarmoq birlashmalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbir davomida ma’lum qilinganidek, 25-27-yanvar kunlari bo‘lib o‘tgan texnik yig‘ilishlarining birinchi bosqichida O‘zbekistonda qattiq maishiy chiqindilarni boshqarish, yashil iqtisodiyotni rivojlantirish, chorvachilik va aholi salomatligini muhofaza qilish yo‘nalishlarida amalga oshirilayotgan jami 814 million yevrolik 9 ta FTA loyihasining hozirgi holati muhokama etildi. Uchrashuvlar yakuni bo‘yicha 2023-yilda loyihalarni amalga oshirish doirasidagi qator tadbirlarni nazarda tutuvchi “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi.
Shuningdek, maslahatlashuvlar davomida FAR faoliyati, uning 2022-yildagi asosiy yutuqlari va 2023-yilda O‘zbekistonda amalga oshirilishi rejalashtirilgan istiqbolli loyihalar taqdimotlari o‘tkazildi. Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning o‘tgan yilning noyabr oyida Fransiyaga davlat tashrifi FTA va O‘zbekiston Respublikasining tegishli vazirlik va idoralari o‘rtasidagi hamkorlikni faollashtirishga kuchli turtki bo‘ldi.
Tadbir so‘ngida har ikki delegatsiya vakillari energetika, “yashil” iqtisodiyot, shaharlarni rivojlantirish, suvdan foydalanish va barqaror moliyalashtirish sohalarida qo‘shma loyihalar doirasida hamkorlikni kengaytirish niyatini bildirdi.