O‘zbekiston va Turkiya ishbilarmonlar uyushmasi ko‘magida yangi loyihalar amalga oshiriladi
O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida O‘zbekiston va Turkiya ishbilarmonlar uyushmasi (UTID) raisi Dovud Azmi Erbash va ECC Environmental Ltd vakillari Jenk Seran, Metyu Martin bilan kompaniyani O‘zbekistonda istiqbolli investitsiya loyihalarini amalga oshirishga jalb etish istiqbollariga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
UTID raisi D.A. Erbash turk ishbilarmonlari ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga va sarmoyaviy, savdo-iqtisodiy sohalarda o‘zaro hamkorlikni faollashtirishga tayyorligini bildirdi. Shuningdek, ECC Environmental Ltd kompaniyasining qurilish, energetika va infratuzilmaviy rivojlanish yo‘nalishlarida qator loyihalarni amalga oshirishda hamkorlik aloqalarini o‘rnatishdan manfaatdorligi qayd etildi.
Ta’kidlanganidek, kompaniya fuqarolik infratuzilmasini, turar-joy va aralash maqsadli loyihalar, savdo va ishlab chiqarish ob’ektlari, shifoxonalar, suv ta’minoti tizimlari, sanitariya, energetika infratuzilmasini loyihalash va qurilishini boshqarish kabi yo‘nalishlarga ixtisoslashgan. Kompaniya 37 yildan ortiq faoliyat yuritib kelmoqda va shu kungacha besh qit'ada 38 mamlakatda jixozlarni o'rnatish ishlarini yakunladi. Kompaniya tuzgan umumiy joriy shartnomalar qiymati 22 milliard dollardan oshadi, loyihalarning zaxira portfeli esa 1,2 milliard dollarni tashkil etadi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar loyihaga tayyorligini tasdiqlagan holda muhokama qilingan yo‘nalishlar doirasida o‘zaro hamkorlik qilish hamda joriy yil oxirigacha tegishli vazirlik va idoralar bilan loyihalarni yanada muhokama qilish uchun kompaniya rahbariyatining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish bo‘yicha kelishib olindi.