Hukumat komissiyasi Surxondaryo viloyatida o'z faoliyatini davom ettirdi
20-sentabr kuni O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev rahbarligida Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari bo'yicha Hukumat komissiyasi Surxondaryo viloyatida o'z faoliyatini davom ettirdi.
Jumladan, Hukumat komissiyasi a'zolari bir qator ishlab chiqarish ob'ektlariga tashrif buyurishdi. Diqqat markazida birinchi bo'lib Termiz shahrining "Shodlik" mahallasida 2,7 gektar maydonda joylashgan "Surxon oziq-ovqat mollari" AJ bo'ldi. Loyiha 2500 tonna qishloq xo'jaligi mahsulotlarini ko'cha haroratida saqlash uchun omborlar va 2050 tonna mahsulotni noldan past haroratda uzoq muddat saqlash uchun muzlatgichlarga ega.
Yo'nalishdagi navbatdagi yirik investitsiya loyihasi Termiz shahridagi "Oravit ceramic" MChJga qarashli santexnika mahsulotlarini ishlab chiqarish korxonasi bo'ldi. Loyihaga kiritilgan 17,3 mlrd so'mlik investitsiyalar XXRdan ilg'or uskunalar o'rnatish, 80 ta yangi ish o'rinlarini yaratish va yiliga 48 mingta santexnika buyumlarini ishlab chiqarishni yo'lga qo'yish imkonini berdi. Mahsulotning 30 foizi eksportga yuborilmoqda.
Hukumat komissiyasi a'zolari "Asia KSP sifat" MChJ faoliyati bilan ham tanishdilar. Bu erda 10 gektar maydonda maydalangan qamish xom ashyosidan DSP plitalarini ishlab chiqarish bo'yicha 19 million dollarlik loyiha amalga oshirildi. Xitoydan ilg'or uskunalar o'rnatildi, mahsulotlarning 70% eksport qilinadi.
Navbatdagi obyekt – "Alpomish Service Invest" QK. Uning qiymati 48,2 mlrd so'm. Korxonaning quvvati yiliga 200 million bir martalik shprits va bintlarni ishlab chiqarishga imkon beradi.
Bundan tashqari, Hukumat komissiyasi viloyatning Termiz tumanida joylashgan "Afrosiyob parranda" MChJga tashrif buyurdi. Bu erda 0,7 gektar maydonda parrandachilik va chorvachilik sanoati ehtiyojlari uchun yiliga 55 million tonna boyitilgan ozuqa ishlab chiqarish imkonini beradigan zamonaviy uskunalar o'rnatilgan.
Tadbirkorlar bilan muloqot davomida ularning muammolari ko'rib chiqildi – har bir holat mas'ul shaxslar ishtirokida batafsil muhokama qilindi hamda masalalar yechimining mexanizmlari ishlab chiqildi.