Eron kompaniyalari O‘zbekistonga sarmoya kiritish niyatida
Joriy yilning 31-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida vazir o‘rinbosari Oybek Xamrayev Eronning “Hasti Aryan Taamin” kompaniyasi direktori Naser Ansoriy bilan uchrashdi.
Ma’lumot uchun: “Hasti Aryan Taamin” kompaniyasi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari choy, guruch, shakar va ziravorlar kabi oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarishdan iborat. 2021-yildan boshlab kompaniya O‘zbekistonga “Famila Tea” brendi ostida choy yetkazib berishni yo‘lga qo‘ydi.
Suhbat chog‘ida Eron kompaniyasi tomonidan O‘zbekistonda choy mahsulotlari ishlab chiqarish va kelgusida ichki va tashqi bozorlarga yetkazib berish bo‘yicha investitsiyaviy loyihani amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi. Loyiha oldi hujjatlarini tayyorlash, laboratoriya xonalarini tashkil qilish, zamonaviy asbob-uskunalarini yetkazib berish, milliy brend ostida choy mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va keyinchalik tashqi bozorlarga eksport qilish bo‘yicha kelgusida hamkorlikda ish olib borishga kelishildi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar munosabatlarni rivojlantirishning amaliy yo‘nalishlarini belgilab oldilar va erishilgan kelishuvlarni hayotga tatbiq qilish maqsadida o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish formatini ishlab chiqdilar.