Sayt yangilanmoqda
O'zbekcha Русский Ўзбекча English

Ishlab chiqarish va sanoat kooperatsiyasini mahalliylashtirishni kengaytirish masalalari ko'rib chiqildi

Joriy yilning 24-sentabr kuni O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev rahbarligida konferensaloqa tarzida importni optimallashtirish hamda tarmoqlararo va hududlararo sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish masalalariga bag'ishlangan yig'ilish bo'lib o'tdi.

Yig'ilishda vazirliklar va idoralar, tarmoq birlashmalari hamda Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari ishtirok etdi.

Tasdiqlangan dasturga muvofiq joriy yilning o'tgan davrida mahalliylashtirish dasturi doirasida 24,3 trillion so'mlik import o'rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarilgani qayd etildi. Elektron kooperatsiya portali orqali 7,9 trillion so'mlik 36,6 mingta hamkorlik shartnomalari imzolandi, ular doirasida bugungi kunda 3,7 trillion so'mlik mahsulot to'liq yetkazib berildi.

Qoraqalpog'iston Respublikasi, Jizzax, Sirdaryo, Samarqand, Surxondaryo, Namangan, Farg'ona, Andijon va Xorazm viloyatlarida o'tkazilgan hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkalari davomida 2,8 trillion so'mlik 6,3 mingta shartnoma imzolandi va 220 ga yaqin texnik hamkorlik memorandumlari imzolandi.

Shu bilan birga, mahalliylashtirish dasturini amalga oshirish, mamlakatimizda analoglari ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar importini kamaytirish, elektron kooperatsiya portali orqali tuzilgan shartnomalar shartlarini bajarish, shuningdek yirik sanoat korxonalarida importga bog'liqlik darajasini pasaytirish bilan bog'liq dolzarb masalalar konstruktiv tarzda muhokama qilindi.

Tarmoq birlashmalari va mahalliy hokimiyat organlarining mas'ul rahbarlari yuqoridagi barcha yo'nalishlar doirasida amalga oshirilgan ishlar hamda yaqin va o'rta muddatli istiqboldagi rejalari to'g'risida batafsil hisobotlarni taqdim etdilar. Ularga kamchiliklarni bartaraf etish va o'z vaqtida mahalliylashtirish dasturini amalga oshirish, 2023-2024 yillarda tarmoqlar va hududlar kesimida import o'rnini bosuvchi mahsulotlarning yangi turlarini ishlab chiqarishni nazarda tutuvchi mahalliylashtirish dasturini ishlab chiqish bo'yicha topshiriqlar berildi.

Alohida tartibda joriy yilning noyabr oyida Toshkent shahrida Respublika tarmoqlararo sanoat yarmarkasini tashkil etish masalasi ko'rib chiqildi.

Yig'ilish yakunida tegishli rahbarlarga vazifalarni o'z vaqtida bajarish bo'yicha qo'shimcha topshiriqlar berildi.