O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi
Joriy yilning 25-iyul kuni Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Yaponiyaning O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Takashi Xatori bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Uchrashuvda ikki tomonlama savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va moliyaviy-texnikaviy hamkorlikni kengaytirish istiqbollari ko‘rib chiqildi, O‘zbekistonning ustuvor tarmoqlarda loyihalarni amalga oshirayotgan Yaponiya kapitali ishtirokidagi qo‘shma korxonalar sonining o‘sish dinamikasiga yuqori baho berildi.
Oʻzbekistonda farmatsevtika, toʻqimachilik, taʼlim, mashinasozlik va boshqa sohalarda yangi qoʻshma investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun Yaponiyaning yetakchi kompaniyalarining texnologiyalari, menejmenti va innovatsiyalarini jalb etish borasidagi mexanizmlar va qoʻshma harakatlar atroflicha muhokama qilindi. Yaponiya ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida har oyda Davra suhbatlari tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Tomonlar, shuningdek, mamlakatimizda ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni amalga oshirish uchun Yaponiya hukumatining moliyaviy va texnik yordamini kengaytirish imkoniyatlarini ham muhokama qildilar. Takashi Xatori amalga oshirilayotgan loyihalar doirasida ham, yangi tashabbuslarni birgalikda ishlab chiqish maqsadida ham faol hamkorlikni davom ettirishga tayyorligini bildirdi.
Shuningdek, Oʻzbekistonning 2025-yilda Osaka shahrida boʻlib oʻtadigan Butunjahon koʻrgazmasida ishtirok etishiga tayyorgarlikning borishi koʻrib chiqildi.
Uchrashuv yakunlari boʻyicha tomonlar muvaffaqiyatli hamkorlikni yanada rivojlantirishga oʻzaro sodiqligini bildirdilar va mavjud kelishuvlarni amaliyotga tatbiq etish maqsadida birgalikdagi harakatlar formatini ishlab chiqdilar.