ISSV ishchi guruhi ishlab chiqarish obyektlari holatini o‘rganish maqsadida Jizzax viloyatiga tashrif buyurdi
Joriy yilning 15-iyun kuni investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov boshchiligidagi hamda idoralar, tarmoq birlashmalari va mahalliy hokimliklar mas’ul rahbarlaridan iborat ishchi guruh Jizzax viloyatining qator ishlab chiqarish ob’ektlariga tashrif buyurdi.
Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad korxonalar faoliyati bilan joylarda yaqindan tanishish, hududiy investisiya dasturini o‘z vaqtida amalga oshirish, eksport salohiyatini rivojlantirish va sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini o‘rganishdan iborat.
Ish dasturiga muvofiq, Paxtakor, Do‘stlik, Arnasoy, Forish, Zomin tumanlari va Jizzax shahridagi korxonalarga borildi. Xususan, “Silverleaf” kompaniyasi tomonidan agroklaster tashkil qilish loyihasining amalga oshirilishi, avtomobillar uchun antifriz, havo filtrlari va svechalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “World trade” korxonasi, shuningdek, yog‘-moy ishlab chiqaruvchi “Paxtakor Teks” va “Sangzor tekstil” korxonalari, to‘qimachilik va trikotaj mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi “Arnasoy gold tex”, qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi Master building, chorvachilikni rivojlantirish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlashga ixtisoslashgan Jizzax organik korxonalarining faoliyati va ADM zavodining avtomobillarni yig‘ish bo‘yicha loyihasining ikkinchi bosqichi o‘rganildi. Bundan tashqari, viloyatda tashkil etilgan bazalt va qishloq xo‘jaligi klasterlari faoliyati bilan tanishildi.
Mahalliy tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan muloqot yakunlari bo‘yicha tegishli rahbarlarga loyiha tashabbuskorlari, eksportchi va ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha manzilli chora-tadbirlarni kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi. Sanoat zonalarini tegishli infratuzilma bilan ta’minlash, korxonalarni modernizatsiya qilishga ko‘maklashish, eksportoldi moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirish, sanoat ob’ektlarida muqobil energiya manbalarini joriy etishga qaratilgan ishlar qo‘lamini kengaytirish va boshqa masalalar belgilab berilgan asosiy vazifalar qatoridan joy oldi.
Shuningdek, ishchi guruhga yetakchi konsalting kompaniyalari tomonidan ishlab chiqilgan investitsiya loyihalari taqdim etildi. Mazkur loyihalarda hududning salohiyati, kuchli va zaif tomonlari, xomashyo, infratuzilmaning mavjudligi va muayyan mahsulotga bo‘lgan talab hisobga olingan bo‘lib, ular iqtisodiy rivojlanishda orqada qolayotgan tumanlarda sanoat o‘sishining drayverlariga aylanishga mo‘ljallangan. Mutasaddilarga qisqa muddatda mazkur loyihalarni amalga oshirish uchun investitsiyalarni jalb qilish mexanizmlarini ishlab chiqish topshirildi.
Jizzax viloyatidagi sanoat obyektlari holatini o‘rganish yakunlari bo‘yicha tegishli rahbarlarga ish samaradorligini oshirish, tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash ishlarini kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi. Bu hududda sanoat ishlab chiqarishi va eksport ko‘rsatkichlarining jadal o‘sishi, yangi ish o‘rinlari yaratilishiga xizmat qiladi.