Italiyaning “Cotonella” to‘qimachilik brendi o‘z mahsulotlarini mahalliylashtirish uchun O‘zbekistonni tanladi
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida Italiyaning “Cotonella” kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumot uchun: 1972-yilda tashkil etilgan “Cotonella” kiyim-kechak ishlab chiqaruvchi kompaniyasi ayollar, erkaklar va bolalar trikotaj ichki kiyimlarining yetakchi brendlaridan biri hisoblanadi. Kompaniya yiliga 20 milliondan ortiq dona mahsulot ishlab chiqaradi, ular Yevropaning 24 davlatida sotiladi.
Uchrashuvda O‘zbekistonda biznes yuritishning ustunliklari, mamlakatimizda yaratilgan investitsiyaviy muhitning amaliy jihatlarining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Italiya tomoni O‘zbekiston to‘qimachilik sanoatida mahsulotlar sifat darajasini yuksaltirish va ularni Yevropa bozorlariga eksport qilish hajmini sezilarli darajada oshirish imkonini bergan so‘nggi yillardagi yutuqlarni alohida ta’kidladi. Shu sababli kompaniya rahbariyati respublikaning Qashqadaryo viloyatida “Cotonella Uzbekistan” xorijiy korxonasini ochishga qaror qildi.
Uchrashuvda Italiya tomoni O‘zbekiston bozorida uzoq vaqt davomida faoliyat yuritish bo‘yicha rejalarini bilan o‘rtoqlashdi. Jumladan, korxona ishga tushirilgandan keyingi birinchi bosqichda yiliga 2 million donagacha tayyor trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish, 80 nafargacha kishini doimiy ish bilan taʼminlash rejalashtirilgan. Bundan tashqari, kompaniya ishlab chiqarilayotgan yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar hajmini yiliga 8 million donaga yetkazish uchun 5 million dollar yo‘naltirishni mo‘ljallamoqda. Shu tariqa, 500 tagacha yangi doimiy ish o‘rni ham yaratiladi.
Kompaniya konsepsiyasi zamonaviy texnologiyalarni joriy etish bilan birga uning barqaror rivojlanishini, narxlar raqobatbardoshligini, shuningdek, doimiy ravishda mahsulotlar dizayni takomillashib borishini va turlari ko‘payishini, kompaniya xodimlarining kasbiy mahoratini oshirishga qaratilgan tadbirlarni o‘z ichiga oladi.
Uchrashuv yakunida “Cotonella”ning mamlakatimizda muvaffaqiyatli faoliyat yuritishi uchun har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyorlik bildirildi.