Sayt yangilanmoqda
O'zbekcha Русский Ўзбекча English

ITSV va "Kingspan Group Plc" (Irlandiya) kompaniyasi qurilish materiallari sohasida investitsiyaviy hamkorlikning ustuvor yo'nalishlarini belgiladi

Joriy yilning 6-sentabr kuni Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida "International Development Ireland" konsalting kompaniyasi (IDI) ko'magida investitsiyalar va tashqi savdo vazirining o'rinbosari Xurram Teshabayev hamda "Kingspan Insulated Panels" kompaniyasining Yaqin Sharq, Afrika, Turkiya va Markaziy Osiyo bo'yicha boshqaruvchi direktori Jim Lokran o'rtasida uchrashuv bo'lib o'tdi. Unda IDI tomonidan loyiha rahbari Pol Sheehan ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida mintaqa qurilish materiallari bozori va qurilish materiallari ishlab chiqarish darajasini oshirishga qaratilgan investitsiya loyihalarini hayotga tatbiq etish doirasida O'zbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan ushbu bozorni rivojlantirishni qo'llab-quvvatlanishi muhokama qilindi.

Tomonlar qurilish materiallari, xususan, energiya tejaydigan izolyatsiya panellari ishlab chiqarishga sarmoya kiritish va ularni keyinchalik respublika hududida sotish masalasini ko'rib chiqdilar.

Uchrashuv yakunida tomonlar qurilish materiallari sifatini oshirishga qaratilgan aniq natijalarga erishish uchun muhokama qilingan barcha sohalarda hamkorlikni davom ettirishga tayyorligini bildirdilar. Kompaniya O'zbekistonda mahsulotlarni mahalliylashtirish va mamlakatning yirik infratuzilmaviy loyihalarga innovatsion va energiya tejaydigan materiallarni yetkazib berishga ham tayyor.

Ma'lumot uchun: Kingspan Group Plc energiya tejaydigan qurilish materiallari ishlab chiqarish bo'yicha dunyoda etakchi kompaniya bo'lib, yillik daromadi 8 milliard dollarni tashkil etadi. U Evropa, Afrika, Osiyo, Avstraliya, Yaqin Sharq va Amerikada faoliyat yuritadi. O'zbekistonda kompaniya Turkiya va Ozarbayjondagi ofisi orqali PepsiCo, Anglesey Food (korzinka.uz) va boshqa kompaniyalar bilan hamkorlik qiladi.