Sayt yangilanmoqda
O'zbekcha Русский Ўзбекча English

Respublikamiz viloyatlarining sanoat salohiyati o‘rganildi

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida vazirning birinchi o‘rinbosari Nozimjon Xolmurodov boshchiligida tarmoq birlashmalari, tijorat banklari, mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari ishtirokida videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda hududlarning sanoat salohiyatini rivojlantirish bo‘yicha mavjud imkoniyatlar va yangi zaxiralardan foydalanish chora-tadbirlari, sanoatning turli tarmoqlaridagi ishlab chiqarish korxonalarini o‘rganish jarayonida aniqlangan muammolar va 2023-yilga mo‘ljallangan hududiy investisiya dasturlarini shakllantirish masalalari muhokama qilindi.

Tijorat banklari va viloyatlar mas’ul rahbarlari, shuningdek, mamlakatimiz hududlaridagi sanoat korxonalari faoliyatini o‘rganish natijalari bo‘yicha respublika ishchi guruhlari rahbarlarining hisobotlari tanqidiy ruhda tinglandi. Ishchi guruhlar tomonidan 45 mingdan ortiq sanoat korxonasi faoliyati o‘rganilib, ularning 5 mingtasida turli muammolar aniqlandi hamda ularni tezkor hal etish bo‘yicha manzilli “Yo‘l xaritalari” ishlab chiqildi. Xususan, 1700 ta korxona kredit mablagʻlarini olishda, 1300 ta korxona tegishli infratuzilmaviy kommunikatsiyalariga ulanishda muammolarga duch keldi.

Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha tegishli rahbarlarga “Yo‘l xaritalari”ni o‘z vaqtida amalga oshirish va har bir hudud salohiyatidan kelib chiqib, qo‘shimcha istiqbolli investisiya loyihalarini ishlab chiqish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.