Jahon banki bilan hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi
O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev 29-sentabr kuni Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi bo'yicha vitse-prezidenti Anna Byerde bilan uchrashuv o'tkazdi. Unda ikki tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirishning hozirgi holati va istiqbollari muhokama qilindi.
Tomonlar 30 yillik munosabatlar davomida investitsiyaviy hamkorlik doirasida erishilgan natijalarni yuqori baholadilar. Bu davrda qishloq xo'jaligini isloh qilish, sog'liqni saqlash va ta'limni modernizatsiya qilish, suv ta'minoti, moliya va transport sohalarini yaxshilash hamda yo'llar qurishga qaratilgan 3,6 milliard dollarlik 28 ta loyiha amalga oshirildi. Bundan tashqari, infratuzilma, energetika, qishloq xo'jaligi, uy-joy kommunal xo'jaligini modernizatsiya qilish, tadbirkorlikni qo'llab-quvvatlash, sog'liqni saqlash va ta'lim tizimini takomillashtirishga qaratilgan jami 5 milliard dollarlik 30 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda. Shahar infratuzilmasini yaxshilash va byudjetni qo'llab-quvvatlashga qaratilgan yangi loyihalarni ishlab chiqishni jadallashtirish bo'yicha kelishuvga erishildi.
O'zbekistonda keng ko'lamli islohotlarni amalga oshirishda bank mutaxassislarining maslahat va texnik yordamini kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi. 2040 yilgacha O'zbekiston hududlariga To'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish strategiyasini tayyorlashda, Sog'liqni saqlash sohasini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqishda, savdo to'siqlarini kamaytirishga qaratilgan texnik yordam ko'rsatishda, bojxona tartib-qoidalarini raqamlashtirishda va texnik reglamentlarni muvofiqlashtirishda, Eksportni rivojlantirish strategiyasini va O'zbekistonning barcha hududlarida sanoatning muvozanatli rivojlanishini ta’minlashga qaratilgan bozor tamoyillariga asoslangan Sanoat strategiyasini ishlab chiqishda amaliy yordam ko'rsatish bo'yicha kelishuvga erishildi.
Tomonlar, shuningdek, Saudiya Arabistoni hukumati va Islom taraqqiyot banki bilan hamkorlikda tashkil etilgan O'zbekiston iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish jamg'armasining nomoliyaviy faoliyatini JB ekspertlari tomonidan qo'llab-quvvatlanishini muhokama qildilar. Jahon banki rahbariyati jamg'arma faoliyatiga zarur yordam ko'rsatishga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o'zaro hamkorlikning kelishilgan yo'nalishlarini amalga oshirish bo'yicha navbatdagi tadbirlarni belgilab oldilar.