Sayt yangilanmoqda
O'zbekcha Русский Ўзбекча English

Jidda shahrida O'zbekiston-Saudiya Arabistoni Ishbilarmonlar kengashining 4-yig'ilishi bo'lib o'tdi

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Saudiya Arabistoni Podshohligiga davlat tashrifi chog'ida joriy yilning 17 avgust kuni Jidda shahrida O'zbekiston-Saudiya Arabistoni Ishbilarmonlar kengashining 4-yig'ilishi bo'lib o'tdi.

Tadbirda Saudiya Arabistoni tomonidan investitsiyalar vaziri Xolid al-Falih, Ishbilarmonlar kengashining hamraisi – "ACWA Power" boshqaruv kengashi raisi Muhammad Abunayan, Saudiya Arabistonining “Dr. Sulaiman Al-Habib Medical Group”, “Jamjoom Pharma”, “Al-Rajhi International Investment”, “Flynas”, “Al Safeer Travel, Tourism and Umrah Services”, “Silk Road Co.”, “Alfaris International Group”, “Al-Moatasem Trading Company”, “United Feed”, “Nesma Infrastructure & Technology”, “Mepco”, “Almutlaq Group”, “Umm Al Qura Development & Construction”, “Bin Dawood Holding Company”, “Batterjee Group Company”, “BMG Financial Advisor” kabi 30 dan ortiq yirik kompaniyalar rahbarlari hamda O'zbekiston tomonidan Bosh vazir o'rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev, vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari va yirik sanoat korxonalari rahbarlari ishtirok etdi.

O'z chiqishlari davomida tomonlar o'zaro munosabatlarning yuqori darajasi va ishonchliligini qayd etib, bunga ikki mamlakat rahbariyatining turli darajadagi aloqalarni kengaytirishga bel bo'lagani sababli erishilayotganligini ta'kidladilar. Investitsiyaviy, sanoat va savdo-iqtisodiy sohalarda hamkorlikni rivojlantirish uchun mavjud imkoniyatlar tahlil qilindi. O'zbekiston va Saudiya Arabistoni kompaniyalari investitsiya bitimlari va savdo shartnomalari sonini ko'paytirish hamda birgalikda ish olib borilayotgan sohalarni kengaytirish maqsadida yanada faol hamkorlik qilishga taklif qilindi.

Saudiya Arabistoni tomoni O'zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini olqishladi. Xususan, so'nggi yillarda mamlakatga to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalar oqimini rag'batlantirish maqsadida xorijiy investorlarning qulay faoliyat yuritishlari uchun yaratilgan sharoitlar, investitsiya muhitining yaxshilanganligiga yuqori baho berildi.

Shuningdek, Saudiya Arabistoni kompaniyalariga mamlakatning sanoat salohiyati, farmatsevtika, kimyo va neft-kimyo sanoati, qishloq xo'jaligi va boshqa sohalarda hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari haqida batafsil ma'lumot berildi. Tegishli vazirliklar, idoralar va tarmoq birlashmalari rahbarlari har bir sohaning investitsiya va sanoat salohiyatining taqdimotlarini o'tkazdilar, aniq istiqbolli loyihalarni taklif etdilar.

Ochiq muhokamalar sessiyasi davomida ishtirokchilar aniq loyihaviy takliflar, O'zbekistonda xorijiy investitsiyalar va tashqi savdo faoliyatini himoya qilish mexanizmlari, boshqa kompaniyalarning muvaffaqiyatli tajribalari bilan tanishish imkoniyatiga ega bo'ldilar. Shunindek, "G2B" va "B2B" formatlaridagi uchrashuvlar, o'z navbatida, o'zaro hamkorlik istiqbollarini tahlil qilish, bo'lajak sheriklarning manfaat va ehtiyojlarini tushunish, yangi g'oyalar va investitsiya loyihalarini muhokama qilish imkonini berdi.

Ishbilarmonlar Kengashining 4-yig'ilishi yakunida kelishuvlarni imzolash marosimi bo'lib o'tdi. Unda O'zbekistonda energetika, kimyo sanoati, infratuzilmaviy va uy-joy qurilishi, farmatsevtika, tibbiyot, transport va logistika sohalarida aniq loyihalarni amalga oshirish istiqbollarini belgilab beruvchi 15 ta qo'shma hujjat imzolandi. Shartnomalarning umumiy miqdori 13,1 milliard dollardan oshdi va bu ikki mamlakat o'rtasidagi so'nggi 30 yillik munosabatlar tarixidagi eng katta natijadir.