JIDU JST kafedrasining yillik konferensiyasi: “O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi: muammolar va imkoniyatlar”
2022-yilning 5-dekabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida (JIDU) Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda AQSH “USAID” xalqaro taraqqiyot agentligi koʻmagida “O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi: muammolar va imkoniyatlar” mavzusida yuqori darajadagi konferensiya boʻlib oʻtdi.
Tadbirdan ko‘zlangan maqsad – a’zolikdan maksimal darajada foyda ko‘rish va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan salbiy oqibatlarini minimallashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish, JSTga a’zo bo‘lish tajribasini o‘rganish, O‘zbekistonning Tashkilotga a’zo bo‘lishining milliy iqtisodiyot va huquqiy tizimiga ta’sirini baholashni modellashtirishdan iborat.
Konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, JIDU rektori Sodiq Safoyev, investitsiyalar va tashqi savdo vazirining o‘rinbosari Badriddin Abidov, JST Bosh direktori o‘rinbosari Syanchen Chjan, donor davlatlar, davlat idoralari vakillari, xalqaro ekspertlar, tadqiqotchilar va talabalar ishtirok etdi.
Ma’lumot uchun: JIDU 2021-yil dekabr oyida JST kafedralari tarmog‘iga (“WTO Chairs Programme”) qo‘shilish uchun tanlangan 17 ta muassasadan biridir. Hozirda unga butun dunyodan 36 ta universitet kiradi. JST kafedralari dasturi 2010-yilda joriy etilgan. U oʻquv dasturlarini ishlab chiqish hamda universitetlar va ilmiy-tadqiqot institutlarida tadqiqot faoliyatini kengaytirish orqali rivojlanayotgan mamlakatlardagi ilmiy va siyosiy doiralar vakillarining savdo tizimi haqidagi bilimlarini oshirishga qaratilgan.
Tadbirni Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, JIDU rektori Sodiq Safoyev qutlov so‘zi bilan ochar ekan, Universitet qoshida tashkil etilgan kafedra Markaziy Osiyoda birinchi bo‘lib tashkil etilgani va uning faoliyati o‘quv dasturlarini ishlab chiqish, ilmiy-tadqiqot va o‘quv faoliyatini olib borish orqali olimlar va amaliyotchilar o‘rtasida JST huquqiy tizimi bo‘yicha bilimlarni kengaytirishga qaratilganligini ta’kidladi.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining o‘rinbosari Badriddin Abidov O‘zbekiston universitetini JST kafedralari tarmog‘iga kiritilganligining ahamiyati va respublikaning JSTga a’zo bo‘lishi milliy iqtisodiyot va uning huquqiy tizimiga ta’sirini baholashni o‘rganish jarayonida ushbu dastur professor-o‘qituvchilari bilan aloqalarni o‘rnatish dolzarbligini ta’kidladi. Shuningdek, tadbir ishtirokchilari O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishini yanada takomillashtirish bo‘yicha joriy holat va vazifalar bilan tanishtirildi.
JST Bosh direktori o‘rinbosari Syanchen Chjan O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha Ishchi guruhning 5-yig‘ilishiga tayyorgarlik ko‘rish va uni tashkil etish bo‘yicha O‘zbekiston tomonidan olib borilgan faol va tizimli ishlarni yuqori baholadi hamda respublikaning Tashkilotga a’zo bo‘lishi jarayonini yanada jadallashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan izchil qadamlarni qayd etdi.
Konferensiya yakunlari bo‘yicha ishtirokchilar JST kafedralari dasturi doirasida davlat organlari, xalqaro tashkilotlar, ilmiy-ta’lim muassasalari vakillari o‘rtasida faol hamkorlikni rivojlantirish to‘g‘risida yakdil fikr bildirdilar.