Joriy yilda barqarorlikka sarmoya kiritish YeTTB faoliyatining asosiy yo‘nalishi bo‘ladi
Samarqandda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) Boshqaruvchilar kengashining 32-yillik yig‘ilishi doirasida tashkil etilgan tadbirlar yakunlandi. Bu yilgi mavzu (Investing in Resilience) “Barqarorlik uchun sarmoya kiritish”, deb nomlandi.
Yig‘ilish 70 dan ortiq davlatidan 2 mingdan ortiq ishtirokchi – yirik investorlar va yuqori martabali mehmonlar, iqtisodiyot, investitsiyalar, moliya va texnologiya sohalaridagi jahonga mashhur ekspertlarni, shuningdek, dunyodagi eng yirik ommaviy axborot vositalarining jurnalistlarini birlashtirgan yirik biznes tadbirga aylandi.
O‘zaro ishonch ruhida o‘tkazilgan uchrashuvlar, yuqori darajadagi tashkiliy ishlar, tadbirlarga boy dastur ishonchli muloqot, konstruktiv fikr almashish, yangi aloqalar o‘rnatish va hamkorlik munosabatlarini mustahkamlash uchun zamin yaratdi.
Kun tartibida savdoni osonlashtirish dasturlari, kelajak shaharlari uchun barqaror yechimlar, raqamli toʻlovlarning moliyaviy resurslarning ommabopligi va iqtisodiy rivojlanishga taʼsiri, Markaziy Osiyoda barqaror energetika, agrosanoat kompleksini rivojlantirish, mintaqada inson kapitalini yuksaltirish, YeTTBning ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohasidagi ishtiroki, O‘zbekistonda banklarni xususiylashtirish va muhokama qilinadigan boshqa mavzularni qamrab oldi.
Shuningdek, YeTTB Raqamli mukofotlari topshirish marosimi va inklyuzivlikni qo‘llab-quvvatlovchi turli tashkilotlarga yordam berish maqsadida YeTTBning “Jamiyat tashabbusi” dasturi doirasida xayriya yordami ko‘rsatish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Panel munozaralarida so‘zga chiqqanlar O‘zbekistonda investitsiyaviy muhitni tubdan yaxshilash, investorlar uchun eng qulay shart-sharoit yaratish maqsadida amalga oshirilayotgan islohotlarning ko‘lamini va yuqori samaradorligini ta’kidladilar.
YeTTB prezidenti Odil Reno-Basso ta’kidlaganidek: “Markaziy Osiyo mintaqasi Sharq va G‘arbni bog‘lovchi Ipak yo‘lidagi asosiy hudud sifatidagi o‘zining an’anaviy rolini qayta tiklamoqda. O‘zbekiston bugungi kunda Bank uchun asosiy investitsiyalar kiritish yo‘nalishiga aylangan. Yuqori darajadagi Yillik yig‘ilishning Samarqandda o‘tkazilishi Bankning O‘zbekistondagi islohotlar dasturiga sodiqligini tasdiqlaydi”.
YeTTB bilan hamkorlik doirasida so‘nggi 6 yil ichida O‘zbekistonga 3,9 milliard yevro sarmoya kiritildi, ularning 55 foizi xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlashga to‘g‘ri keladi. Umumiy investitsiyalarning 1,6 milliard dollari “yashil iqtisodiyot”ni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan. Moliyaviy institutlar, sanoat, savdo va agrobiznes hamda infratuzilmani rivojlantirish kabi yo‘nalishlarda 128 loyiha amalga oshirildi.
Yigʻilish davomida Oʻzbekistonning davlat, aktsiyadorlik-tijorat va xususiy tashkilotlari bilan bir qator investitsiya bitimlari imzolandi.
Dunyodagi eng yirik xalqaro moliya institutlaridan biri – YeTTB Boshqaruvchilar kengashining Yillik yig‘ilishining o‘tkazilishi xalqaro biznes hamjamiyatining mamlakatimizga, amalga oshirilayotgan islohotlar va yaratilgan qulay investitsiyaviy muhitiga ishonchining belgisidir.