Koreya kompaniyalari Qashqadaryo viloyati EIZga qiziqish bildirmoqda
Qarshi shahrida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining Qashqadaryo viloyati boshqarmasi, Erkin iqtisodiy zona direksiyasi rahbariyati hamda Koreyaning SK Nexilis Co. Ltd kompaniyasining global kengaytirishni rejalashtirish guruhi menejerlari Li Terin va Li Jimin ishtirokida muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda investitsiya loyihalarini amalga oshirishga koreyalik hamkorlarni jalb etish istiqbollari muhokama qilindi.
Xususan, koreyalik hamkorlarga EIZda yaratilgan shart-sharoitlar, infratuzilmaviy imkoniyatlar, xorijiy investorlarning qulay faoliyat yuritishi uchun berilayotgan imtiyoz va preferensiyalar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Qo‘shma va xorijiy korxonalar faoliyatini tashkil etishning amaliy jihatlari muhokama qilindi. Koreyalik hamkorlarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob qaytarilib, investitsiya loyihalarini qurish, ishga tushirish va kelgusida faoliyat yuritish jarayonida har tomonlama yordam ko‘rsatishga tayyorlik bildirildi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar istiqbolli investitsiyaviy takliflarni o‘rganish maqsadida turli formatlarda hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.