Sayt yangilanmoqda
O'zbekcha Русский Ўзбекча English

Laziz Kudratov O‘zbekiston-Fransiya biznes forumida ishtirok etdi

2-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Fransiya biznes-forumida ishtirok etdi.

Tadbirda, shuningdek, ikki davlatning vazirlik va idoralari, diplomatik vakolatxonalari, tarmoq birlashmalari, banklar rahbarlari, ekspertlar hamjamiyati vakillari hamda 150 dan ortiq yirik kompaniyalar rahbarlari qatnashdi.

Laziz Kudratov tarmoqlararo rivojlanish masalalariga bagʻishlangan panel sessiyasida qutlov soʻzi bilan chiqar ekan, oʻzaro savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy munosabatlar sezilarli faollashganini taʼkidladi – oʻtgan yilning noyabr oyida Fransiyaga oliy darajadagi tashrif chogʻida umumiy qiymati 6 milliard yevrolik investitsiya shartnomalari imzolandi, hukumatlararo qoʻshma komissiya yigʻilishi, shuningdek, MEDEF International kompaniyasi biznes-forum oʻtkazildi.

O‘zbekistonda yaratilgan qulay investitsiya muhitining asosiy jihatlari, jumladan, soliq va bojxona imtiyozlari va preferensiyalari, faoliyatlarning 100 dan ortiq turini litsenziyalash va ruxsat berishni bekor qilish, ro‘yxatga olish tartibini soddalashtirish, investorlar huquqlarini qonun bilan himoya qilish kabilar taqdim etildi.

Yirik mintaqaviy va xalqaro bozorlar, jumladan, GSP+ benefisiar maqomi, kadrlar salohiyati va tabiiy resurslarning zaxiralari, ko‘p tarmoqli transport yo‘laklari, sanoat korxonalarini yaratish va eksport qilish uchun rivojlangan infratuzilma mavjudligi, va eng muhimi, - istiqbolli loyiha va tashabbuslarni amalga oshirish uchun hukumatning har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyorligiga alohida e’tibor qaratildi.

Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida mamlakatimiz tomonidan jalb qilingan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi 2017-yilga nisbatan 3 barobar oshib, 8,6 milliard dollarni tashkil etdi.

Muhokama davomida savol-javob hamda “B2B” va “B2G” formatidagi uchrashuvlar ham boʻlib oʻtdi. Unda ishbilarmon doiralar vakillari Oʻzbekistonda investitsiya faoliyatini amalga oshirish, oʻzaro manfaatli tashabbuslarni muhokama qilish va manfaatlarning kesishish nuqtalarini aniqlash boʻyicha oʻzlarini qiziqtirgan savollarni berishdi.