Sayt yangilanmoqda
O'zbekcha Русский Ўзбекча English

Laziz Kudratov Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligiga rahbar etib tayinlandi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 21-dekabrdagi “Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi №PF-269-son Farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi sifatida qayta tashkil etildi.

Joriy yilning 30-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni bilan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan nomzodi ma’qullangach, Laziz Shavkatovich Kudratov investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri lavozimiga tayinlandi.

Laziz Kudratov ushbu lavozimga tayinlangunga qadar Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, O‘zbekiston Respublikasining Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi elchixonasi, “Uzinfoinvest” Agentligida, O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi va Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida turli rahbarlik lavozimlarida ishlab kelgan.

Ma'lumot uchun: Laziz Kudratov 1981 yilda Toshkent shahrida tug'ilgan. Toshkent Davlat sharqshunoslik universiteti va Xosei universiteti (Yaponiya)ni tamomlagan. 2003-2010 yillarda Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligida turli lavozimlarda ishlagan. 2010-2014-yillarda O‘zbekiston Respublikasining Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi elchixonasining savdo-iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi lavozimida ishlagan. 2014-2016 yillarda – “O‘zinfoinvest” xorijiy investitsiyalarni axborot bilan ta’minlash va rag‘batlantirish Agentligi direktori. 2017-2019 yillarda - O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha Davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari va 2019-yil 28-yanvardan hozirgi kunga qadar – Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari.