Mamlakatning 100 nafar ishbilarmonlari yuqori mukofotlarga sazovor bo'lishdi
20 avgust kuni mamlakatimizda Tadbirkorlar kuni nishonlanadi. Ushbu sana arafasida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti iqtisodiyotimizni barqaror rivojlantirish, biznes muhitini yaxshilash, tadbirkorlikni rivojlantirish, eksport salohiyatini oshirish, yangi ish o'rinlari yaratish, innovatsiyalarni joriy etish, biznes va ijtimoiy faoliyatdagi yutuqlari bilan namuna bo'lib xizmat qilayotgan bir guruh yurtdoshlarimizni "Faol tadbirkor" ko'krak nishoni bilan taqdirlash to'g'risida farmoyish imzoladi.
Unga ko'ra mamlakatning turli hududlaridan 100 nafar tadbirkor yuqori mukofotlarga sazovor bo'ldi. Shulardan 35 nafariga ko'krak nishonlari joriy yilning 20 avgust kuni tegishli viloyatlar hokimlari tomonidan tantanali ravishda joylarda taqdim etildi. 65 ishbilarmon uchun taqdirlash marosimi Toshkent shahrida, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida bo'lib o'tdi. Tadbirda Bosh vazir o'rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev, Bosh vazir o'rinbosari – iqtisodiy rivojlanish va kambag'allikni qisqartirish vaziri Jamshid Kuchkarov ishtirok etdi.
Mamlakat ishbilarmonlariga kasb bayrami – O'zbekistonda ketma-ket ikkinchi yil keng nishonlanib kelinayotgan Tadbirkorlar kuni munosabati bilan Davlat rahbarining samimiy tabriklari yetkazildi.
So'zga chiqqanlar ta'kidlashicha, "Ochiq muloqot"ga tayyorgarlik ko'rish jarayonida yo'lga qo'ylgan qaytma aloqa o'z samaradorligini ko'rsatdi. Tadbirkorlarning murojaatlari va takliflari koll-markazlar va Internet-portallar orqali qabul qilinib, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzurida tashkil etilgan tadbirkorlarning murojaatlarini jamlash va tahlil qilish Shtabida qayta ishlandi. Shtabga bugungi kunga qadar 12 015 ta murojaat kelib tushdi, ulardan 8 470 tasi mas'ul vazirlik va idoralar ishtirokida hal qilindi. Qolgan murojaatlarning yechimini topish bo'yicha ishlar davom etmoqda.
Bundan tashqari, Mamlakat rahbariyati tomonidan e'lon qilingan "Tadbirkorlar bilan muloqot haftaligi" doirasida tegishli vazirlik va idoralar, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, jahon darajasidagi yetuk ekspertlar ishtirokida konferentsaloqa tarzida tadbirkorlarni qiziqtirgan dolzarb mavzular bo'yicha panel sessiyalari o'tkazildi, muammolarni hal qilishning aniq uslublari va yo'llari, iqtisodiyot tarmoqlarining hozirgi holati va ularni rivojlantirish istiqbollari, mamlakatda ishbilarmonlik faoliyatining rivojlanishiga ijobiy ta'sir ko'rsatuvchi investitsiyaviy muhitni yaxshilash va tadbirkorlar uchun qulay sharoitlar yaratish kabi masalalar muhokama qilindi.
Ishbilarmonlarga ularning fidoyiligi va faolligi, mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishga qo'shgan hissasi uchun Davlat rahbarining minnatdorchiligi yetkazildi.
Tadbirkorlar, o'z navbatida, mehnatlarining yuqori bahosi, ishonch va yordam, mamlakatda biznes yuritishni osonlashtirish maqsadida yaratilgan shart-sharoitlar uchun minnatdorlik bildirib, erishilgan yutuqlarda to'xtamasdan o'z faoliyatlarini kengaytirish va hamkasblariga o'rnak ko'rsatish orqali O'zbekiston iqtisodiyotini yanada rivojlantirishga hissa qo'shishga va'da berishdi.