Masdar O'zbekistonda investitsiyaviy faoliyatini kengaytiradi
Joriy yilning 3-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Masdar kompaniyasi bosh ijrochi direktori Muhammad al-Ramahi bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tomonlar diqqat markazida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish boʻyicha sarmoyaviy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalarining muhokamasi boʻldi.
Xususan, Samarqand, Jizzax va Surxondaryo viloyatlarida umumiy quvvati 897 MVt bo‘lgan 3 ta fotoelektr stansiyasini qurish loyihalarini hayotga tatbiq qilishning bugungi holati muhokama qilindi. Mazkur investitsiya loyihalari qurilishini joriy yilning aprel oyida boshlash bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Yangi yirik investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish orqali kompaniyaning O‘zbekistondagi faoliyatini kengaytirish istiqbollari yuzasidan ham fikr almashildi.
Ma’lumot uchun: “Masdar” qayta tiklanuvchi energiya manbalari va shaharlarning barqaror rivojlanishi yoʻnalishiga ixtisoslashgan kompaniya hisoblanadi. Kompaniya Abu-Dabi (BAA) hukumatiga tegishli bo'lgan Mubadala global investitsiya kompaniyasi tarkibiga kiradi. Kompaniya dunyoning turli mamlakatlarida qayta tiklanadigan energiya sohasida yirik va strategik loyihalarni amalga oshiradi. U 2006 yilda Abu-Dabida (BAA) tashkil etilgan. Kompaniya 30 ta davlatda investitsiya loyihalarini amalga oshiradi, loyihalarning umumiy qiymati 19,9 milliard dollardan oshadi.