Misrning yetakchi kompaniyalari O‘zbekistonda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyor
Joriy yilning 16-fevral kuni O‘zbekiston hukumat delegatsiyasining Misrga tashrifi doirasida O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Qohirada Misrning elektrotexnika, to‘qimachilik, charm va poyabzal, farmatsevtika mahsulotlari va qurilish materiallari ishlab chiqarish sohalarida faoliyat yuritayotgan yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan muzokaralar o‘tkazdi. Mamlakatimiz iqtisodiyotining ustuvor tarmoqlarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va sarmoyalarni jalb etish istiqbollari kun tartibidagi asosiy mavzulardan biri bo‘ldi.
Xususan, Elsewedy Electric prezidenti Ahmad Sadek bilan (kompaniya 17 ta davlatdagi korxonalarga ega boʻlgan Misrning eng yirik elektr energiyasi, transformator va kabel mahsulotlari ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi. Aktivlari 6 mlrd dollar tashkil qiladi) energetika va elektrotexnika sanoatidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Shamol va quyosh elektr stansiyalarini qurish boʻyicha qoʻshma loyihalarni ishlab chiqish, transformatorlar, kabel-sim mahsulotlari va aksessuarlar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish boʻyicha Ishchi guruh tuzishga kelishildi.
Fresh kompaniyasi rahbariyati bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda elektrotexnika sohasida loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi (kompaniya 1,5 ming turdagi elektrotexnika mahsulotlari, jumladan, maishiy texnika ishlab chiqaradi. Eksport geografiyasi dunyoning 52 davlatini qamrab oladi. Sotuvlar hajmi 1 milliard dollarni tashkil etadi). Toshkent viloyatida elektrotexnika mahsulotlari qo‘shma ishlab chiqarish loyihalarini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, mis va butlovchi qismlarni birgalikda ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar kelishib olindi.
Orascom Construction kompaniyasi ijrochi direktori Ihab Mahaved bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda (kompaniya anʼanaviy va qayta tiklanadigan elektr energiyasi, qurilish materiallari ishlab chiqarishda, suv resurslarini boshqarish va qayta ishlashda 70 yillik tajribaga ega) energetika, yoʻl infratuzilmasini rivojlantirish va qurilish materiallari ishlab chiqarish sohalarida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari ko‘rib chiqildi. Loyihalarni batafsil o‘rganish bo‘yicha qo‘shma Ishchi guruh tuzish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Shu kuni Al Rowad va ARC Shoes (kompaniyalar Yevropa, Yaqin Sharq, Osiyo va Afrika mamlakatlariga poyabzal mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi va eksport qiluvchi yirik korxonalar hisoblanadi), shuningdek, Lotus Garment Group (Levi's, Lee, Gap, Wrangler, Ralph Lauren, Calvin Klein va boshqa xalqaro brendlar uchun kiyimlar ishlab chiqaradi) va Pharco Pharmaceutical (kompaniya 450 dan ortiq turdagi dori-darmonlarni ishlab chiqarib, 50 mamlakatga eksport qiladi) rahbariyati bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Muzokaralarda qo‘shma korxonalar tashkil etish va yuqori sifatli charm, to‘qimachilik va farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalarni amaliy ishlab chiqishni boshlashning tashkiliy masalalari kelishib olindi.
Konstruktiv ruhda kechgan muzokaralarda tomonlarning hamkorlikni chuqurlashtirish va erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishni jadallashtirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni ko‘rishga tayyorligi qayd etildi.