ITSV O'zbekistonning Alibaba global savdo maydonchasiga chiqishining tafsilotlarini ochib bermoqda
O'tgan hafta O'zbekiston Alibaba global savdo maydonchasidan o'rin olgani haqidagi xabar mamlakatimiz Internet hamjamiyatida keng tarqaldi. Bugun biz ushbu voqelikning tafsilotlarini ochib beramiz.
Tarqalgan xabarning mazmunini eslatib o'tamiz: Xitoyda nufuzli xalqaro elektron savdo maydonchasida O'zbekiston milliy pavilyonining rasmiy ochilish marosimi bo'lib o'tdi. Alibaba.com yillik aylanmasi 106 milliard dollarni tashkil etadigan Xitoyning yetakchi savdo platformasidir. Uning asosiy faoliyati B2B shaklida kompaniyalar o'rtasidagi savdo operatsiyalari va onlayn chakana savdoni tashkil qilishdan iborat.
O'zbekiston pavilyoni MDH mamlakatlari orasida Alibaba.com saytida Rossiya va Qozog'istondan keyin uchinchi bo'ldi. O'zbekiston milliy pavilyoniga 4800 dan ortiq turdagi tovarlarga ega 50 dan ortiq mahalliy kompaniyalar kiradi.
O'zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni rag'batlantirish agentligi va Alibaba Group korporatsiyasi o'rtasida hamkorlik shartnomasi imzolandi. Maqsad –Xitoyning ulkan elektron savdo platformasi orqali milliy mahsulotlar eksportini yo'lga qo'yish.
Shartnoma doirasida Agentlik o'z mahsulotlarini Alibaba marketpleysida ro'yxatdan o'tkazish uchun 70 ta mahalliy eksport qiluvchi korxonalarga 4,6 milliard so'm miqdorida moliyaviy yordam ko'rsatdi.
Korxonalar orasida yangi uzilgan va quritilgan meva va sabzavotlar, tayyor to'qimachilik va boshqa mahsulotlar ishlab chiqaruvchilar, sayyohlik xizmatlarini ko'rsatuvchi kompaniyalar bor. Bugungi kunga qadar ular 67,1 million dollarlik mahsulot eksport qilishga muvaffaq bo'ldilar.
Har kuni ushbu platformada o'zbek eksportchilari va ishlab chiqaruvchilarining qatori kengayib bormoqda. 2022 yil oxiriga kelib ular sonini 100 taga yetkazish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, xitoylik mutaxassislarni jalb qilgan holda 300 dan ortiq mahalliy korxonalar vakillari uchun ushbu elektron platforma imkoniyatlaridan samarali foydalanish bo'yicha 4 ta seminar-trening o'tkazildi. Yil oxirigacha 500 ta korxona mutaxassislarini ushbu mashg'ulotlar bilan qamrab olish rejalashtirilgan.
Muhim voqeaning o'zi joriy yilning 13-sentabrida ro'y berdi. O'sha kuni Alibaba platformasida doimiy faoliyat ko'rsatayotgan O'zbekiston milliy pavilyoni ishga tushirildi. Unda 3 ta asosiy tarmoq – to'qimachilik, qishloq xo'jaligi va oziq – ovqat sanoatining 100 dan ortiq eng sifatli va ommabop mahsulotlari bor.
Aytgancha, qiziqqanlar uchun milliy pavilonga havola bu erda.
Yil oxiriga qadar pavilyonda elektrotexnika, mebel va aksessuarlar, charm-poyabzal mahsulotlari, sport anjomlari, bolalar o'yinchoqlari bo'yicha yangi tarmoqlar sahifalari ochilishi rejalashtirilgan. Natijada eksportga yo'naltirilgan tovar pozitsiyalari soni 300 taga yetkaziladi. Pavilyon muntazam ravishda O'zbekiston tovarlari bilan yangilanadi. Unda sun'iy intellektdan foydalangan holda sotuvlar, xaridorlar reytingi va sharhlar asosida eng ommabop va sifatli mahalliy mahsulotlar avtomatik ravishda tanlab olinadi va joylanadi.
ITSV huzuridagi Eksportni rag'batlantirish agentligi tizimli ravishda ushbu yo'nalishni ilgari surishda davom etmoqda. Joriy yilning 8-15-oktabr kunlari Toshkentda Alibaba Group korporatsiyasi bilan hamkorlikda elektron tijorat forumi, tadbirkorlar uchun seminarlar va treninglar, shuningdek, savdo maydonchasi orqali eksport qilishga qiynalayotgan eksportchilar uchun mahorat darslari va individual konsultatsiyalar o'tkazish rejalashtirilgan. Mashg'ulotlarda Alibaba Group korporatsiyasining 5 ta yetakchi eksperti ishtirok etadi. Tadbir nafaqat Markaziy Osiyoda, balki MDH mamlakatlarida o'tkazilgan eng keng qamrovli bo'lishi kutilmoqda.