“Farg‘ona vodiysi yengil sanoati” II-forumi o‘z ishini boshladi
Joriy yilning 24-oktabr kuni Farg‘ona shahrida Rossiya, Belarus, Italiya, Polsha, Avstriya, Turkiya va boshqa davlatlardan importyorlar ishtirokida “Farg‘ona vodiysi yengil sanoati” II-forumining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ochilish marosimida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining hududiy boshqarmasi rahbariyati mazkur Forum mahalliy va xorijiy tadbirkorlar o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish, savdo shartnomalarini tuzish muhimligini ta’kidladi. Farg‘ona viloyatida to‘qimachilik sanoatining eksport salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimot bo‘lib o‘tdi. Xususan, xorijiy kapital ishtirokidagi to‘qimachilik korxonalari 2019-yildagi 56 tadan 2022-yilda 83 taga yetgani ta’kidlandi. Farg‘ona viloyatida to‘qimachilik mahsulotlari 2021-yilda dunyoning 49 davlatiga, 2022-yilda esa 57 ta davlatga eksport qilindi. Eksport qiluvchi korxonalar soni 2021-yildagi 174 tadan 2022-yilda 201 taga yetdi.
Ishtirokchilar eʼtibori Oʻzbekistonning Yevropa Ittifoqining GSP+ va Buyuk Britaniyaning Enhanced GSP maqomini olgani, paxta va toʻqimachilik mahsulotlariga boykotning bekor qilinishi munosabati bilan ochilayotgan imkoniyatlarga, shuningdek, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalarida investorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, soliq va bojxona imytiyozlari va preferensiyalariga qaratildi.
Forum doirasida 60 dan ortiq mahalliy yengil sanoat ishlab chiqaruvchilari mahsulotlari ko‘rgazmasi, B2B muzokaralari hamda viloyatdagi yirik ishlab chiqarish maydonlariga tashriflar tashkil amalga oshirildi.