Sayt yangilanmoqda
O'zbekcha Русский Ўзбекча English

O‘zbekiston-Rossiya savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorligini rivojlantirish bo‘yicha kelgusi rejalar belgilab olindi

23-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiyaning 23-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishga O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev hamda Rossiya Federatsiyasi hukumati raisining o‘rinbosari – sanoat va savdo vaziri Denis Manturov hamraislik qildi. Shuningdek, tadbirda ikki mamlakatning asosiy vazirlik va idoralari rahbarlari ham ishtirok etdi.

Kun tartibi doirasida ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, sanoat, transport va logistika, madaniy-gumanitar hamkorlikka oid keng ko‘lamli masalalar ko‘rib chiqildi.

Xususan, keyingi yillarda ijobiy o‘sish tendensiyasi kuzatilayotgan o‘zaro savdoni rivojlantirish istiqbollari tahlil qilindi. Mutasaddi rahbarlarga ikki tomonlama savdoni diversifikatsiya qilish va uning hajmini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar ko‘rish topshirildi.

Ikki mamlakat o‘rtasidagi investitsiyaviy hamkorlik va sanoat kooperatsiyasining hududlar va tarmoqlar kesimidagi joriy holati ko‘rib chiqildi. Neft-kimyo, tog‘-kon metallurgiya, energetika, sog‘liqni saqlash va farmatsevtika, qurilish materiallari ishlab chiqarish, yengil sanoat, meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash kabi sohalarda yangi loyiha tashabbuslarini ishlab chiqish va amaldagi qo‘shma loyihalarni jadallashtirishga o‘zaro qiziqish bildirildi.

Kun tartibidagi yana bir muhim yo‘nalish hududlararo hamkorlikni rivojlantirish bo‘ldi. Oldindan tasdiqlangan rejalar asosida ikki davlatning qator hududlaridan delegatsiyalarning o‘zaro tashriflari tashkil qilingani maʼlum qilindi. Ushbu boradagi ishlarni davom ettirish maqsadida, boshqa choralar qatorida, muntazam onlayn muzokaralar tashkil etish orqali yangi investitsiya loyihalari va savdo bitimlari bo‘yicha takliflar ishlab chiqishga kelishildi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha Yakuniy protokol va tadbir davomida erishilgan asosiy kelishuvlarni aks ettiruvchi ikki tomonlama hujjatlarning salmoqli to‘plami imzolandi.