Sayt yangilanmoqda
O'zbekcha Русский Ўзбекча English

Ishlab chiqarish va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishning yangi imkoniyatlari

Joriy yilning 25-aprel kuni Toshkent shahridagi “O‘zekspomarkaz” MKKda “INNOPROM. Markaziy Osiyo" Xalqaro sanoat ko‘rgazmasining ochilish marosimi va asosiy yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Jamshid Xodjayev, Rossiya Federatsiyasi Bosh vazirining o‘rinbosari – sanoat va savdo vaziri Denis Manturov, Qozog‘iston va Tojikiston delegatsiyalari vakillari, hududiy ma’muriyatlar, ko‘rgazmada ishtirok etuvchi mamlakatlarning yirik kompaniyalar va moliya institutlari rahbarlari qatnashdi.

Tadbirni ochar ekan, delegatsiyalar rahbarlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Rossiya Federatsiyasi Prezidentining tadbir ishtirokchilariga Murojaatnomalarini o‘qib eshittirdilar.

Davlatimiz rahbarining murojaatida ko‘rgazma mamlakatlar o‘rtasida chuqur iqtisodiy aloqalar o‘rnatish uchun yaxshi platforma ekani ta’kidlandi. Energetika, infratuzilma, sanoat, qishloq xo‘jaligi sohalarida muhim loyihalar amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston samarali savdo logistika zanjirlarini yaratish va xalqaro bozorlarga tovarlarni yetkazib berishning maqbul yo‘nalishlarini shakllantirish maqsadida Markaziy Osiyo bilan transport-kommunikatsiya aloqalarini mustahkamlashga qaratilgan mintaqaviy loyihalarni qat’iyat bilan ilgari surmoqda. Mazkur forum o‘zaro manfaatli hamkorlikning yangi yirik loyihalarini boshlab beradi, hududlararo hamkorlikni kengaytirish, milliy iqtisodiyotlarning raqobatbardoshligini yuksaltirish va farovonlikni oshirishga xizmat qiladi.

Rossiya Federatsiyasi Prezidentining murojaatini Rossiya Federatsiyasi Bosh vazirining o‘rinbosari - Sanoat va savdo vaziri Denis Manturov o‘qib eshittirdi. Unda Markaziy Osiyoning boy tabiiy resurslari, ulkan inson salohiyati, shuningdek, mintaqaviy jarayonlar va iqtisodiy hamkorlikning yuqori dinamikasi qayd etildi.

Yalpi majlis davomida savol-javob sessiyasi boʻlib oʻtdi. Unda soʻzga chiqqanlar Oʻzbekistonning jadal iqtisodiy oʻsishini, jumladan, inson kapitalini yaxshilash, texnologik yangilanish va raqamlashtirishni ta’minlash maqsadida kadrlar tayyorlash dasturlarini qayta yoʻnaltirish va yangilash, bilim talab qiladigan iqtisodiyotni rivojlantirish hamda mavjud korxonalarni modernizatsiya qilish boʻyicha koʻrilayotgan ustuvor chora-tadbirlar toʻgʻrisida fikr bildirdilar.

Raqobat va raqobatbardosh bozorni rivojlantirish doirasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida so‘z yuritildi. Bugungi kunda mamlakatimizda xususiylashtirishning yangi dasturi amalga oshirilmoqda, ishlab chiqaruvchilar va eksportchilarni moliyaviy va nomoliyaviy qo‘llab-quvvatlash vositalari ro‘yxati kengaytirilmoqda, Sanoatni rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etilmoqda, bazaviy investitsiya takliflari paketining imtiyozlari kengaytirilmoqda va yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda.

Spikerlar ishbilarmon doiralar vakillarini xaridorgir mahsulotlar ishlab chiqarish va yangi bozorlarga chiqish maqsadida qo‘shma yuqori texnologiyali korxonalarni tashkil qilish va hamkorlikni kengaytirish borasidagi sa’y-harakatlarini faollashtirishga chaqirdi.

Hukumatning O‘zbekistonda xorijiy investor va tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning faoliyati uchun qulay shart-sharoitlarni yaratishga tayyorligi bildirildi.

Marosimdan so‘ng delegatsiyalar rahbarlari ko‘rgazmani aylanib chiqishdi. Stendlar bilan tanishish davomida qator ishtirokchi-davlatlarning yirik korxonalari vakillari o‘z mahsulotlarini namoyish etdilar hamda ishlab chiqarishni rivojlantirish va yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish rejalari bilan o‘rtoqlashdilar.