Sanoatni rivojlantirish borasidagi vazifalar bajarilishi muhokama qilindi
Joriy yilning 14-yanvar kuni videokonferensaloqa tarzida 10-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida mamlakatimizda ishlab chiqarish hajmining o‘sish sur’atlarini ta’minlash, sanoatda mavjud imkoniyatlar va ishga solinmagan resurslardan foydalanish bo‘yicha belgilab berilgan vazifalar ijrosi muhokama qilindi.
Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov tarmoq jadvallari va 2023-yilga mo‘ljallangan maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish rejalari doirasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan vazir o‘rinbosarlari, shuningdek, vazirlik tarkibiy tuzilmalari rahbarlarining hisobotlarini tingladi. Xususan, sanoat infratuzilmasini rivojlantirish, qo‘shimcha filiallar tashkil etish orqali erkin iqtisodiy zonalarni kengaytirish, iqtisodiy rivojlanishi orqada qolayotgan 60 ta tumandagi sanoat loyihalariga investitsiyalarni jalb qilish, har bir hududda muhandis kadrlar tayyorlashga ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Har bir yo‘nalish kesimidagi masalalar har tomonlama tahlil qilinib, masʼul ijrochilar va aniq ijro muddatlari ko'rsatilgan holda muammolarni bartaraf etish algoritmlari ishlab chiqildi.
Muhokama yakunlari boʻyicha Davlat rahbari tomonidan 2023-yilda sanoat ishlab chiqarish hajmini kamida 14 foizga oshirish yuzasidan belgilangan vazifalarni amalga oshirishda idoralararo hamkorlikni faollashtirish boʻyicha masʼul rahbarlarga qoʻshimcha topshiriqlar berildi. Tuzilgan ishchi guruhlar tomonidan bevosita joylarga chiqqan holda olib borilayotgan ishlar samaradorligi doimiy va tizimli ravishda o‘rganib borilishi ta’kidlandi.