Sayt yangilanmoqda
O'zbekcha Русский Ўзбекча English

Koreya Respublikasi bilan ekologiya sohasida sarmoyaviy hamkorlik muhokama qilindi

Joriy yilning 26-yanvar kuni Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida Koreya Respublikasi atrof-muhitni muhofaza qilish vaziri o‘rinbosari Yu Chje Chol bilan ekologiya sohasida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qilishga bag‘ishlangan muzokaralar o‘tkazildi.

Xususan, “Jizzax viloyatida sanitariya poligonlari va qayta yuklash stansiyalarini qurish” hamda “Ohangaron” va “Maydontol” poligonlarida hosil bo‘ladigan chiqindi gazini qayta ishlash orqali elektr energiyasi ishlab chiqarishni tashkil etish” loyihalarini amalga oshirilishi ko‘rib chiqildi. Tomonlar loyihalarni muvaffaqiyatli va o‘z vaqtida foydalanishga topshirishga har tomonlama ko‘mak berishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) va Global yashil rivojlanish instituti (GGGI) bilan hamkorlikda Orolbo‘yida ekologik barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan loyihalar yaqin hamkorlikda muvaffaqiyatli amalga oshirilayotganligi qayd etildi.

Ma’lumot uchun: Loyihalarda iqlimga chidamli agrobiznesni rivojlantirish, tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish va oziq-ovqat xavfsizligini yaxshilash orqali Qoraqalpog‘iston qishloq xojaligi iqtisodiyotini tiklash ko‘zda tutilgan.

Muzokaralar yakunlari boʻyicha iqlim oʻzgarishi oqibatlarini yumshatish, qayta tiklanadigan energiya manbalariga oʻtish orqali energiya, suv va yer resurslaridan samarali foydalanishni taʼminlashga qaratilgan ikki tomonlama muloqotni davom ettirish boʻyicha kelishuvga erishildi.