Sayt yangilanmoqda
O'zbekcha Русский Ўзбекча English

Eksport faoliyatini rag'batlantirish bo'yicha navbatdagi chora-tadbirlar muhokama qilindi

Joriy yilning 8-sentabr kuni O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev rahbarligida videokonferensiya tarzida tashqi savdo faoliyatining joriy holati va uni rag'batlantirish bo'yicha navbatdagi chora-tadbirlarni muhokama qilishga bag'ishlangan yig'ilish bo'lib o'tdi.

Yig'ilishda vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari hamda Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy boshqaruv organlari rahbarlari ishtirok etdi. Tarmoqlar va hududlar kesimida eksport faoliyatining joriy holati, shuningdek eksport qiluvchi korxonalarni qo'llab-quvvatlash bo'yicha amalga oshirilayotgan manzilli chora-tadbirlar to'g'risida hisobotlar taqdim etildi.

Qoraqalpog'iston Respublikasi, Andijon, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand, Sirdaryo, Sirdaryo, Farg'ona, Xorazm viloyatlari, shuningdek, "O'zto'qimachiliksanoat" uyushmasi va Farmatsevtika sanoatini rivojlantirish agentligining tashqi savdo faoliyatiga mas'ul bo'lgan rahbarlarining tadbirkorlar va eksportchilarni qo'llab-quvvatlash va ularni qiynab kelayotgan muammolarni hal qilish borasidagi qoniqarsiz ishlari konstruktiv tanqid qilindi.

Tadbirkorlarning shu vaqtgacha hisoblangan qo'shilgan qiymat solig'i summalarini qaytarish, aylanma mablag'larni to'ldirish uchun kredit resurslarini ajratish, eksportchilarning logistika xarajatlarini qoplash, yangi ishlab chiqarish texnologiyalarini o'zlashtirish va yuqori qo'shilgan qiymatga ega mahsulotlar turlarini kengaytirish, shuningdek, yetkazib berish hajmlarni oshirish va geografiyasini kengaytirish bilan bog'liq masalalarini hal etish bo'yicha samarali chora-tadbirlar ko'rish vazifasi qo'yildi.

Uchrashuv yakunida har bir rahbarning belgilangan vazifalarni bajarish uchun shaxsiy javobgarligi ta'kidlandi. Ularning o'z vaqtida bajarilishining nazorati O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan amalga oshiriladi.