Investitsiyaviy va tashqi savdo faoliyatini rag‘batlantirish bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar muhokama qilindi
▫️Joriy yilning 3-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev boshchiligida investitsiyaviy va eksport faoliyatinining bugungi holati va uni rag‘batlantirish bo‘yicha kelgusidagi chora-tadbirlar muhokamasiga bag‘ishlangan videokonferensiya tarzida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda vazirlik, idoralar, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari ishtirok etdi. Mutasaddi rahbarlar investitsiyalarni jalb etish, investitsiya loyihalarini amalga oshirish hamda eksportni ko‘paytirish bo‘yicha soha va hududlar kesimida olib borilayotgan ishlar yakunlari yuzasidan hisobotlarni taqdim etdilar.
Yig‘ilishda birinchi navbatda eksport faoliyatining joriy ko‘rsatkichlari ko‘rib chiqildi. Ko‘rsatkichlar o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 129 foizga oshgan bo‘lsa-da, hududlar va tarmoqlar bo‘yicha olib borilgan tanqidiy tahlillar qator kamchiliklarni ko‘rsatdi. Tadbirkorlar va eksportyorlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning muammolarini hal etishda yordam berish borasidagi ishlar qoniqarsiz ekani inobatga olinib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand, Sirdaryo, Surxondaryo, Farg‘ona, Xorazm viloyatlari tegishli mahalliy davlat hokimiyati organlari, shuningdek, “O‘zto‘qimachiliksanoat”, “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmalari, Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligi va Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi rahbarlarining faoliyati tanqid qilindi.
Eksportga yetkazib berishning aniq hajmlari va unga masʼul rahbarlarni koʻrsatgan holda hududlar va tarmoqlar kesimida reja-jadvallarni ishlab chiqish, shuningdek, korxonalarga biriktirilgan tarmoq birlashmalari, tijorat banklari va mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlarining bevosita eksportyorlar bilan oʻzaro hamkorligini faollashtirish boʻyicha topshiriqlar berildi. Asosiy maqsad – muammolarni tezkorlik bilan hal etish, xorijga mahsulot yetkazib berish hajmini koʻpaytirish va geografiyasini kengaytirish, shuningdek, yangi korxonalarni eksport faoliyatiga jalb etish bo‘yicha tizimli ishlar samaradorligini oshirishdan iborat.
Xuddi shu tarzda investitsiya faoliyati doirasida erishilgan natijalarga to‘xtalib o‘tildi. Joriy yilning yanvar-oktabr oylarida Davlat investitsiya dasturi doirasida 8,2 milliard dollarlik xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirildi, 3,2 milliard dollarlik 91 ta yirik loyiha foydalanishga topshirildi, 14,8 mingta yangi ish o‘rni yaratildi. Biroq, ta'kidlanganidek, ijobiy faktlar fonida mas’uliyatsizlik holatlari uchrab turmoqda. Shu o‘rinda, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand, Sirdaryo, Surxondaryo, Toshkent, Xorazm viloyatlari mahalliy davlat hokimiyati organlarining hamda “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ, “O‘zbekneftgaz” AJ, “O‘zsuvta’minot” AJ, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va bir qator vazirliklarning tegishli rahbarlari jalb qilingan xorijiy investitsiyalar va xalqaro moliya institutlari mablag‘larini o‘z vaqtida o‘zlashtirish bo‘yicha erishgan natijalari qoniqarsiz dep topildi.
Har bir investitsiya loyihasining amalga oshirilishini monitoring qilish, investitsiyalarni o‘zlashtirishda kechikishlarga yo‘l qo‘ymaslik muhimligi ta’kidlandi. Bu vazifa hududiy investitsiya dasturlarini o‘z vaqtida amalga oshirishni ham o‘z ichiga oladi. Shu tariqa, joriy yil oxirigacha umumiy qiymati 4,8 milliard dollarlik 3 ming 466 ta loyihani ishga tushirish va 127,9 mingta yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan. Shu nuqtai nazardan, tijorat banklari tomonidan istiqbolli loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning tashabbuskorlariga mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan har tomonlama yordam ko‘rsatish muhimligi alohida ta’kidlandi.
Yig‘ilish yakunida belgilangan vazifalar ijrosi uchun har bir rahbarning shaxsiy mas’uliyati alohida ta’kidlandi. Ularning o‘z vaqtida bajarilishi ustidan nazorat O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan amalga oshiriladi.